10:17 / 15.05.2021
1947
Katta Farg‘ona kanaliga voyaga yetmagan yana bir bola cho‘kib ketdi

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida joylashgan «O‘rta» MFY, Tosh qishlog‘i hududidan oqib o‘tgan Katta Farg‘ona kanaliga 25 aprel kuni voyaga yetmagan, 2-sinf o‘quvchisi Abdurahim ismli yigitcha cho‘kib ketgan.  

Kun.uz’ga xabar bergan Ravshanjon Shomatovning aytishicha, kanalga cho‘kib ketgan Abdurahimning jasadi oradan to‘qqiz kun o‘tib, ya'ni 4 may kuni soat 16:30 larda, cho‘kib ketgan joydan 5 km uzoqlikda topilgan. 

«Mas'ul idoralar, ichki ishlar xodimlari, ko‘pchilik bo‘lib izladik. Afsuski, topa olmadik. Qarangki, seshanba kuni suvning o‘zi jiyanim tanasini suv yuziga olib chiqib qo‘ydi. Cho‘kib ketgan joyidan 5 km uzoqlikdan chiqdi. O‘sha atrofda yurgan suvchilar ko‘rib qolibdi», — deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan R.Shomatov. 

Ta'kidlanishicha, marhum bolakay Abdurahim sakkiz yoshda bo‘lib, 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan.  

Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan. Shu sababli voqeaning asl sabablari hozircha noma'lum.

Kun.uz marhumning oila a'zolari va yaqinlariga sabr tilaydi.

Top