07:50 / 15.05.2021
4916
O‘zbekiston va Tojikiston o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazishga kelishib oldi
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Tojikiston hukumati delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Tojikiston iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Zavqizoda Zavqi Aminni qabul qildi.

Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik va ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish sohalarida ulkan ishga solinmagan salohiyat mavjudligini alohida ta'kidladilar. Bunda, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarni tashkil etish va istiqbolda uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish borasida o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishning ahamiyati haqida yakdil fikr bildirildi. O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi Tojikistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan birgalikda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli sohalarni tahlil qilish va ushbu tarmoqlarda aniq loyihaviy takliflarni ishlab chiqish choralarini ko‘rishiga kelishib olindi. Shuningdek, o‘zbek va tojik ishbilarmonlar doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shma biznes-forumlar o‘tkazish tashabbusi ma'qullandi.

Tomonlar o‘zaro savdoning barqaror o‘sishini ta'kidladi: o‘tgan 4 yil mobaynida bu ko‘rsatkich 4 barobardan ziyod oshdi. Tovar yetkazib berishda geografik yaqinlik va transport xarajatlarining kamligi tufayli o‘zaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi. Shu munosabat bilan, mavjud texnik to‘siqlarni bartaraf etish, savdo tartiblarini soddalashtirish va mahsulotlarning ikki mamlakat bozorlariga qulay kirishini ta'minlash orqali o‘zbek va tojik ishlab chiqaruvchilari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutgan holda yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Tomonlar, shuningdek, makroiqtisodiy prognozlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va elektron tijorat sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari ekspertlari savdo aylanmasini kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun qisqa muddatda “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kirishishlari belgilandi.

Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston prezidentining shu yil iyun oyida Tojikistonga bo‘ladigan tashrifining kun tartibini tayyorlash bo‘yicha ishlarni davom ettirish va faollashtirishga kelishib oldi.

Top