10:13 / 15.05.2021
8865

Shahrisabzda yangi loyiha: hududda forel baliqlari yetishtirilmoqda

Shahrisabzning “Tanhoz” daryosi bo‘yida forel balig‘i yetishtirish boshlandi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Shahrisabz tumanida bo‘lib, xonadonlarda baliq chavoqlari parvarishlash va yetishtirish ishlari bilan tanishdi. Ishni tez fursatlarda boshlash, bankdan ajratiladigan mablag‘larni o‘z vaqtida tadbirkorlarga yetkazish lozimligini aytib o‘tdi.

Ma'lumot o‘rnida, davlat rahbarining 2020 yil 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Shahrisabz va Kitob tumanlarida aholi xonadonlarida sun'iy havzalarda kooperatsiya usulida forel balig‘i yetishtirish topshirig‘i berilgandi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida “Xitoy”, “Hisor” va “Toshbuloq” MFYlari bo‘yicha 317 ta forel loyihasi shakllantirildi. Xususan, fuqarolar xonadonlarida 4 mlrd 350 mln so‘mlik 145 ta loyiha ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 172 ta forel loyihasi yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Masalan, Qoratut mahallasidagi “Kamar dorivorlari” MChJga qarashli 0,5 gektar yer maydonida ijara asosida 40 ta yangi baliqchilik havzasi tashkil etiladigan bo‘ldi. Natijada yiliga 10 tonna baliq ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Loyiha qiymati 1,2 mlrd so‘mni tashkil qilib, 40 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Xuddi shunday, “Xitoy farellari” MChJga qarashli daryo o‘zanidagi 1,3 gektar maydon “NONA-K” O/Ksiga ajratilib berildi. Tashabbuskor yiliga 15 tonna baliq yetishtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan 38 ta havza barpo etish taklifini bildirildi.

Bundan tashqari, hududda 6 ta yuridik tashkilot tomonidan “Forelchilik kooperatsiyalari” tashkil etilib, ularga 115 nafar a'zo biriktiriladi.

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan forel balig‘i yetishtirishni kengaytirish maqsadida “Kamar dorivorlari” MChJga intensiv usulda 180 ming dona baliq tuxumini ochirish sig‘imiga ega bo‘lgan 3 ta termos olib kelindi. Mazkur uskuna yordamida 10 kunlik muddatda 3-4 grammlik baliq chavoqlari tayyorlanib, fuqarolarga ta'minot sifatida yetkazib beriladi.

Loyihaning ahamiyatli tomoni shundaki, ayni vaqtda hududda tashkil qilingan 117 ta hovuzning 66 tasi fuqaro xonadonlarida. Sohaning bu tartibda o‘zlashtirilishi fuqarolarimizning tadbirkorlikka rag‘batini oshiradi, albatta. O‘z navbatida, ko‘plab oilalarning bandligi ta'minlanib, aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan talabi qondiriladi, odamlarimizning daromadi ortadi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Top