10:45 / 16.05.2021
68313

DXX ikki nafar hokim o‘rinbosarini qo‘lga oldi

Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mansabdori va Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari 10 ming dollar, Jizzax shahar hokimi o‘rinbosari 2 ming dollar pora olgan vaqtida ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasida yuqori lavozimda ishlovchi shaxs Chortoq tumanida istiqomat qiluvchi xususiy tadbirkorga bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishi uchun Yangiqo‘rg‘on tumani hududidan 10 gektar yer maydoni ajratilishi bo‘yicha tuman hokimining qarorini chiqartirib berishni va'da qilib, o‘zi faoliyat yurituvchi boshqarmaning ma'muriy binosi yonida 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasida yuqori lavozimda ishlovchi shaxs
Videodan kadr

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida u ushbu pullarni Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosariga berishi kerakligi ma'lum bo‘lib, tezkor tadbir davom ettirilgan va mazkur mansabdor shaxs ham Namangan shahrida 10 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari

Tuman hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya a'zosi sifatidagi vakolatlaridan foydalanishni rejalashtirgan ushbu yuqori lavozimli shaxs boshqa MChJga qarashli yer maydonidan 10 gektarini ajratib berishni maqsad qilgan, deyiladi xabarda.

Tezkor tadbir DXX Namangan viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan.

Jizzax shahar hokimligi / Foto: Kun.uz

Jizzax shahar hokimi o‘rinbosari qurilish ishlari bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbaridan 2 ming AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, mazkur mansabdor shaxs xizmat mavqeyidan foydalangan holda ushbu MChJga joriy mavsumda Jizzax shahridagi ijtimoiy soha obektlarida amalga oshiriladigan qurilish-ta'mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkaziluvchi tender savdolari orqali obekt olib berishni va'da qilgan.

Jizzax shahar hokimi o‘rinbosari / Videodan kadr

Tezkor tadbir DXX Jizzax viloyati boshqarmasi va viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Avvalroq Jizzax shahar hokimligi axborot xizmati bergan ma'lumotga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs – Jizzax shahar moliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Nurmatov bo‘lib, u kadrlar yetishmovchiligi sababli shahar hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida tayinlangan.

Oybek Nurmatov 6 may kuni soat 20:00larda Jizzax shahri Jizzaxlik mahallasida 2000 dollarni o‘zi boshqaruvidagi Gentra yukxonasiga tashlab qo‘ygan holda olgan vaqtda ushlangan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top