19:24 / 16.05.2021
19959

Rossiyalik ovchiga «Qizil kitob»dagi ikkinchi ayiqni otishga ruxsat berilmaydigan bo‘ldi

Ikkita qo‘ng‘ir ayiqni otishga ruxsat bergan Ekologiya qo‘mitasi birinchi ayiq o‘ldirilgach, ikkinchisi uchun ruxsatini qaytarib oldi.

O‘zbekistonda «Qizil kitob»ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq rossiyalik ovchi tomonidan o‘ldirilgan edi. Unga Ekologiya qo‘mitasi raisi ruxsatnoma bergani jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Ruxsatnoma 2 ta ayiqni otish uchun berilgan bo‘lib, ovchida yana bir ayiqni otish huquqi saqlanib qolayotgandi.

Noroziliklardan so‘ng, Ekologiya qo‘mitasi bu ruxsat bekor qilinishini bildirdi.

«Rossiyalik ovchi Ye.P Shirokovga qo‘mita tomonidan ov qilish uchun ruxsatnoma joriy yilning 3 martdan 31 dekabr kunigacha berilgan. 2021 yil «Qizil kitob»ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqni ovlash uchun ajratilgan kvotadagi 2 ta ayiqqa ariza Rossiya fuqarosi Ye.P.Shirokovdan kelib tushganligi uchun ham ruxsatnoma unga berilgan edi.

Kvotadagi ikkinchi ayiq o‘rnatilgan tartibda, ya'ni qonun ustuvorligidan kelib chiqqan holda ko‘rilib, bo‘lib o‘tgan jamoatchilik e'tirozini inobatga olib, ikkinchi ayiqni otishga ruxsat berilmaydi», – deya qo‘mitaning Bioxilmaxillik va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Sodiqovdan iqtibos keltirmoqda Ekologuz Telegram-kanali.

Sodiqov ruxsat bekor qilinishiga huquqiy asoslar bor-yo‘qligi masalasiga aniqlik kiritmagan. Ovchi ikkita ayiqni ov qilishga ruxsatnoma uchun pul to‘lagan, uning kompensatsiyasi qay tartibda hal etilishi noma'lum.

Ekoqo‘m boshqarma boshlig‘i, ayni holat bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati e'lon qilgan dastlabki bayonotdagi singari, ayiqni ovlashga ruxsat berilgan holatda barchasi qonuniy bo‘lganiga urg‘u bergan.

Uning tushuntirishicha, «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunga asosan, «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvonlarni cheklangan miqdorda ovlash mumkin. Buning uchun har yili kvota ajratiladi. Nechta kvota ajratishni Ekologiya qo‘mitasi hal qiladi; bunda ov qilishga kelib tushgan arizalar soniga qaraladi, Fanlar akademiyasidan xulosa olinadi.

Biroq jamoatchilikning bir qator savollari ochiq qolmoqda:

  • «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvonlarni otishga ruxsat berishdan maqsad nima?
  • Qoplon, sirtlon, silovsin, burama shoxli taka, sayg‘oq, xongul, qo‘ng‘ir ayiq kabi «Qizil kitob»ga kiritilgan jonivorlarning bir yilda nechtasini otish mumkinligini qo‘mita qanday qilib aniqlaydi?
  • Kelib tushgan arizalar soniga qaralishi nimani anglatadi? Qancha ko‘p ariza kelib tushsa, shuncha ko‘p noyob hayvonni otishga ruxsat beriladimi?
  • Noyob hayvonlarni umuman ovlamasa nima bo‘ladi?
  • Ruxsatnoma uchun talabgor ovchilar bir nechta bo‘lganda, ular qanday tanlanadi? Bu jarayon korrupsiyadan xolimi?
  • Ovchi «Qizil kitob»dagi hayvonni o‘ldirib, uni shu holida suratga olib tarqatishi qanchalik maqsadga muvofiq? Qo‘mita buning ayniqsa yoshlar dunyoqarashiga ta'siri haqida o‘ylashi kerak emasmi?

UPD. Ekologiya qo‘mitasi 17 may, dushanba kuni ayni mavzu yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazishini ma'lum qilgan.

Top