19:38 / 17.05.2021
3712
Andijonda saylovga tayyorgarlik bo‘yicha hududiy trenerlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 27 apreldagi majlisida Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlangan edi. 

Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat'iy amal qilish, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirish, shuningdek, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibini atroflicha yoritish kabi muhim masalalarga e'tibor qaratiladi.

Shundan kelib chiqqan holda, Andijon viloyatida 17 may kuni boshlangan bosqichda Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan 4 nafar respublika treneri viloyatdagi 72 nafar hududiy trener uchun 17-22 may kunlari mashg‘ulotlar o‘tkazadi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, kelgusida tayyorlangan hududiy trenerlar tuman va shaharlarga taqsimlanib, iyun-sentabr oylarida, Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan reja-grafikka binoan, uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga 2796 nafar nomzod uchun seminar-treninglar o‘tkaziladi. Mazkur o‘quvlar tuman (shahar) markazlarida tanlab olingan saylov uchastkalari uchun ajratilgan binolarda 15-21 nafarlik kichik guruhlarda interaktiv usullarda ikki kun mobaynida tashkil etiladi.

Top