11:26 / 17.05.2021
432
Dehqonobodda tuman deputatligiga o‘tkazilgan saylovda fuqaro bir necha byulletenni qutiga tashlashga uringan

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining bo‘shab qolgan o‘rni uchun o‘tkazilgan saylovda fuqarolardan biri 15–20tacha byulletenni qutiga tashlashga uringan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 16 may, yakshanba kuni Xalq deputatlari Dehqonobod tuman Kengashining bo‘shab qolgan 29-Bo‘ston saylov okrugi deputatligiga saylov bo‘lib o‘tgan. Saylovchilar 40-maktab binosidagi 209-, «Bo‘ston» MFYda 85-maktab binosida joylashgan 223- hamda «Oydin yo‘l» MFY Tibbiyot kolleji binosidagi 224-saylov uchastkasida o‘ziga ma'qul nomzodga ovoz bergan.

«Bo‘ston» MFYdagi 85-maktab binosida joylashgan 223- hamda Tibbiyot kolleji binosidagi 224-saylov uchastkalarida saylovchilarga bir nechtadan byulleten berilgani ma'lum bo‘ldi. Bir saylovchi 15-20talab ovoz berishga uringan holat kuzatilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va vaziyatga guvoh bo‘lgan 224-saylov uchastkasi raisi ko‘zbo‘yamachilikni aniqlagan matbuot xodimiga «muammo qilmaslikni» maslahat bergan.

«Bo‘ston» MFY raisi Tog‘aymurod Tojiyevning ma'lumot berishicha, deputatlikka saylov o‘tkazilayotgan 85-maktabdagi 223-saylov uchastkasida hech bir nomzodning dasturi yoki tarjimayi holi saylovchilarga ko‘rinadigan joyga osib qo‘yilmagan.

«Nomzodlarimizda na dastur bor, na tarjimayi hol. Hech biri saylovchilar bilan uchrashmagan. Saylovchilarga taklifnoma ham berilmagan. Ba'zi bir saylovchilar tuman hokimligi Telegram-kanalidagi e'lonni o‘qib, bugungi saylov haqidagi xabarni ko‘rib saylovga kelyapti. Kelganlarining ham aksariyatida fuqarolik pasporti yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ularga ovoz berish uchun saylov byulletenlari berilmoqda. Eng yomoni bir saylovchi bir nechta byulletenni olib, ovoz berishga urinmoqda. Imi-jimida bunday, ko‘zbo‘yamachilik qilib saylov o‘tkazilishida tuman caylov komissiyasi raisi va mas'ullarining aybi bor», — degan MFY raisi.  

Top