11:02 / 17.05.2021
56299
Paxtachida yo‘lni sababsiz to‘sib qo‘ygan «kattakon»larga signal chalgan haydovchining mashinasi asossiz jarima maydoniga joylashtirildi

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida IIBga tegishli xizmat mashinasi tuman markazidagi asosiy ko‘chaga chiquvchi mahalla yo‘lini sababsiz to‘sib to‘xtagan. Shu joyda mashinalar oqimi o‘tib ketishini kutib turgan haydovchilardan biri asosiy yo‘lga chiqa olmay signal chalgan. Shundan so‘ng tuman IIB YHXB boshlig‘i kelib, haydovchining hujjatlarini olgan va «nega signal chalib ‘kattakon’larni bezovta qilasan?» deb mashinani asossiz jarima maydoniga joylashtirgan.

Ma'lum qilinishicha, 8 may kuni Paxtachi tumani markazida mahalla oralab asosiy ko‘chaga chiqmoqchi bo‘lgan haydovchi o‘zi kutmagan holda tuman IIB YHXB boshlig‘i Maqsud Tog‘ayevning «qahriga uchragan». Haydovchi asosiy ko‘chaga chiqish uchun mashinalar oqimi o‘tib ketishini kutib turganida uning yo‘lini IIB xizmat mashinasi to‘sib to‘xtagan. Haydovchi «yo‘l ber» qabilida signal chalgan.

Shundan so‘ng o‘zini Paxtachi tuman IIB YHXB boshlig‘i Maqsud Tog‘ayev deb tanishtirgan shaxs kelib, haydovchidan hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan. Haydovchi sababini so‘raganda u odob-axloq normalaridan chetga chiqib avvaliga «hujjatlarni yeyman» deb javob beradi. Keyin esa «kattakon»larga signal chalib bo‘lmasligini aytib, mashinani jarima maydoniga joylashtiradi. Hodisa haydovchining mashinasiga o‘rnatilgan videokuzatuv kamerasiga yozib olingan.

Mazkur hodisa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Maqsud Tog‘ayevning xatti-harakatlari keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Samarqand viloyat IIB axborot xizmati mazkur masalaga munosabatida o‘sha kuni tuman markazidagi Mustaqillik ko‘chasida 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbir vaqtida, Damas avtomashinasi mazkur joyga o‘tib ketishga uringani uchun xodimlar tomonidan nazoratga olinganini bildirdi.

Ammo videolavhada ko‘rish mumkin, haydovchi mahalladan Mustaqillik ko‘chasiga chiqayotgan vaqtda yo‘l qatnov uchun ochiq bo‘lgan.

Kun.uz mazkur holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati boshlig‘i bilan bog‘langanda u Maqsud Tog‘ayevga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanishi va natijasi keng jamoatchilikka ma'lum qilinishini ta'kidladi.

«Haydovchi bilan muomala madaniyati va odob-axloq qoidalari to‘g‘risidagi buyruq talablarini buzib munosabatga kirishgan Paxtachi tumani IIB YHXB boshlig‘i Maqsud Tog‘ayevga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Aminman, Intizom ustaviga muvofiq intizomiy jazo chorasi qo‘llaniladi va buni rasman e'lon qilamiz. Har qanday holatda ham xodim fuqarolar bilan odob-axloq doirasida gaplashishi kerak. Xodimning xatti-harakatini ko‘rib uyalib ketdim. Haydovchi hujjatlari to‘liq emasligi uchun, xodim muomalasi uchun qonunda belgilangan tartibda javob beradi. Tekshiruv yakuni bo‘yicha rasmiy ma'lumot beriladi», dedi viloyat IIB axborot xizmati boshlig‘i.

Haydovchi videolavhada Damas mashinasini kreditga olgani va qonuniy hujjatlar asosida kira qilayotgani, o‘sha damda yashash uyidan o‘zi a'zo bo‘lgan korxonaga kunlik yo‘llanmani olish uchun borayotganini aytgan. Ammo mashinani jarima maydonchasiga joylashtirgan YHXB xodimi uning gaplarini e'tiborsiz qoldirgan.

P.S. Videolavhada Maqsud Tog‘ayevga «bunga chora ko‘r» degan yuqori martabali IIB «kattakoni» kim bo‘lganiga viloyat IIB axborot xizmati oydinlik kiritmagan.

Top