14:13 / 17.05.2021
4141
Ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari kengaytirildi
Foto: Depositphotos

“Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qonunga “ma'lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish”, “psixiatriya yordami”, “ruhiy holatning buzilishi” va boshqa bir qator asosiy tushunchalar kiritildi. 

Mazkur qonun bilan ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari kengaytirildi. 

Xususan, ular o‘zida mavjud bo‘lgan ruhiy holati buzilishi xususiyati va qo‘llanilayotgan davolash usullari haqidagi axborotni o‘zi uchun tushunarli shaklda, o‘z vaqtida hamda to‘liq olish, shuningdek statsionar sharoitlarda psixiatriya yordami ko‘rsatadigan tibbiyot muassasasida faqat psixiatriya yordami ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan muddat mobaynida bo‘lish huquqiga ega.

Qonunga ko‘ra, psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish tekshirilayotgan shaxsda ruhiy holati buzilishi mavjudligini, psixiatriya yordami ko‘rsatishga bo‘lgan zaruriyatni aniqlash, shuningdek bunday yordam turi haqidagi masalani hal qilish uchun amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, psixiatriya yordami ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega shaxslar doirasi aniq belgilab qo‘yildi. 

Unga ko‘ra, maxsus oliy tibbiy ma'lumotga ega tibbiyot xodimlari (shifokor-psixiatr, tibbiy psixolog va psixoterapevt) psixiatriya yordami ko‘rsatish bo‘yicha shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Qonun bilan dispanser kuzatuvida turgan ruhiy holati buzilgan shaxslar yagona elektron reyestri yuritilishi belgilandi.

Top