14:37 / 17.05.2021
7327

Xorazmda innovatsion o‘quv markazi 1 milliard so‘mlik grantni oldi

Innovatsion rivojlanish vazirligi xorazmlik yoshlarning IT sohasida ta'lim olishiga qaratilgan loyiha uchun 1 milliard so‘m ajratdi.

24 yoshli Shahzod Sobirov 2 yildan beri DATA UNION MChJ tomonidan tashkil etilgan Xorazm viloyati, Urganch shahridagi DATA innovatsion o‘quv markaziga rahbarlik qilmoqda. U loyihaning mazmuni va mohiyati, ish jarayoni haqida gapirib berdi.

«2019 yilda DATA innovatsion o‘quv markaziga asos soldik. Asosiy faoliyatimiz – IT sohasida ta'lim dasturlarini amalga oshirish.

Hozirgi kunda o‘quv markazimizda 100dan ortiq kompyuterlar bor. Yoshlarga zamonaviy axborot texnologiyalari, web dasturlash, kompyuter dasturlash, grafika dizayni, videomontaj, arxitektura, buxgalteriya hisobi yo‘nalishlarida ta'lim beryapmiz.

Markazda 30dan ortiq ishchi mehnat qiladi, o‘qituvchilar dars beradi. Bir vaqtning o‘zida 300dan ortiq o‘quvchi ta'lim olishi mumkin. O‘quv kurslarimiz 2 oydan 7 oygacha davom etadi.

Shu vaqtgacha 350dan ortiq yoshlar o‘quv kurslarini tamomlab, sertifikatga ega bo‘lishdi. Ular frilanserlik yo‘nalishida, web dasturlash, arxitektura, tipografiya sohalarida faoliyat olib borishmoqda.

Dastlabki maqsadimiz ta'lim berish emas, IT sohasida ishlash bo‘lgan. Ammo jamoani shakllantirishda qiynalganmiz. Shu sababli, oldin o‘zimiz o‘qitishni boshladik. Keyinchalik bu faoliyatni kengaytirdik.

2020 yil dekabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatimizni o‘rgandi. Biz ularga start-up loyihamiz taqdimotini o‘tkazdik. Shundan keyin 1 mlrd so‘mlik loyiha vazirlik tomonidan ma'qullandi. 2021 yil aprel oyida ushbu mablag‘larni oldik.

Endi o‘quv markazini yanada kengaytirish, zarur uskunalar, kompyuterlar bilan jihozlash, yangi ish o‘rinlarini ochishni maqsad qilganmiz», - dedi Shahzod Sobirov.

Nurmuhammad Said

Top