08:11 / 18.05.2021
9904
Britaniya Turkiyani chiqindixonaga aylantirishda ayblandi  
Foto: Lenta.ru

Greenpeace ekologik tashkiloti Britaniyani Turkiya hududida plastikning noqonuniy chiqindixonasini vujudga keltirishda aybladi. Turkiya ko‘chalari, dala maydonlari va daryolari bunday turdagi chiqindi bilan tobora to‘lib-toshmoqda.  

Ekologlar ma'lumotlariga ko‘ra, Britaniyadan Turkiyaga noqonuniy tarzda keng ko‘lamda plastik chiqindilar olib chiqiladi. 2020 yilda Britaniyada qo‘llangan jami plastikning 40 foizi yoki 210 ming tonnasi aynan Turkiyaga jo‘natilgan. Ushbu hajm Britaniyadan Turkiyaga 2016 yilda jo‘natilgan plastik chiqindidan 18 marta ko‘proqni tashkil qiladi.  

Turkiyaga jo‘natilgan chiqindining hammasi ham tegishli tarzda qayta ishlanmaydi. Shu sababli Turkiya Yevropada eng katta plastik chiqindixonaga aylanmoqda. Greenpeace Turkiyaning janubidagi bir nechta hududni ko‘zdan kechirib, u yerda Britaniyadagi do‘konlarda qo‘llanuvchi plastik paketlar va qadoqlarni aniqlagan. Chiqindilar orasida koronavirusni aniqlovchi testning topilishi esa ekologlarning chiqindi bu yerga keltirilganiga bir yil bo‘lmagani haqidagi taxminini tasdiqlagan.     

Britaniya bu ayblovlarga javoban mamlakat plastikdan ifloslanishga qarshi kurashuvchi yetakchi davlat hisoblanishini aytgan. Biroq shu bilan birga, Britaniya aholi soniga to‘g‘ri keluvchi plastik chiqindi hajmi bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni va jami plastik chiqindi bo‘yicha AQShdan keyin 2-o‘rinni egallaydi. 

Britaniya plastik chiqindini Turkiyadan tashqari, Malayziya va Polshaga eng ko‘p miqdorda jo‘natadi. Greenpeace UK’da plastmassa bo‘yicha bosh mutaxassis Nina Shrank Britaniya hukumatini 2025 yilgacha bir marta qo‘llanuvchi plastik hajmini 2 marta qisqartirishga chaqirgan. 

2021 yil boshigacha Xitoy butun dunyodan keltiriluvchi qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha yetakchi davlat hisoblangandi. Biroq Xitoy atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi mamlakatdagi chiqindini qayta ishlovchi korxonalarning hammasi ham o‘z ishiga vijdonan yondashmagani sababli mamlakat ekologiyasiga katta zarar yetayotgani uchun ushbu amaliyotga chek qo‘ydi. 

Top