13:41 / 19.05.2021
1855
Samarqand viloyatida narkotik o‘simliklarni o‘stirib kelayotgan fuqarolar aniqlandi

Samarqand viloyatining bir qator tumanlarida narkotik o‘simliklarni o‘stirib kelayotgan shaxslar aniqlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyati bo‘ylab o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli «Qoradori 2021» maxsus tadbirlarida giyohvand o‘simliklar yetishtirayotgan fuqarolar aniqlangan. Jumladan, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, Samarqand tumani «Rajabamin» MFY da yashovchi, R.A. ning yashash xonadonidan 2 tup, shu mahallada yashovchi R.S. ning xonadonidan 13 tup kannabis o‘simligi o‘stirilayotgani aniqlangan.

Shuningdek, Ishtixon tumani «Boyto‘bi» MFY da yashovchi, N.X. ning yashash uyidan 1080 tup ko‘knor o‘simligi, 1 tup quruq va 9 tup nam holdagi kannabis o‘simliklari, 26,77 gramm quritilgan ko‘knor tanasi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.

Bundan tashqari, Narpay tumani IIB JQB xodimlari tomonidan tumanning Navro‘z mahallasida yashovchi, X.F. ning yashash hovlisi ko‘zdan kechirilganda, tomorqasida 10 tup kannabis o‘simligi, tumanning Navro‘z mahallasida yashovchi M.X. yashash hovlisida 10 tup kannabis o‘simligini parvarish qilib kelayotgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan.

Qayd etilishicha, aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top