14:10 / 19.05.2021
2149

Surxondaryoda qariyb 13 tonna chigit mahsulotini o‘g‘irlaganlarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: Tergov departamenti

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida qariyb 13 tonna chigit mahsulotini o‘g‘irlaganlarga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 45 yoshli X.Akbar Qumqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘iga murojaat qilib, 2021 yilning aprel oyi boshlarida va 1 may tunda Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan o‘ziga tegishli MChJ omborxonasida saqlanayotgan hosil uchun tarqatilishidan qolgan jami 12.929 kilogramm dorilangan chigitni noma'lum shaxslar o‘g‘irlab ketganini ma'lum qilgan.

Qayd etilishicha, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqarolar 29 yoshli M.Shohrux, 33 yoshli T.Otabek, X.Abdug‘ani va 27 yoshli X.Ulug‘beklar sodir etganliklari aniqlangan. Ulardan hech qanday hujjatlari bo‘lmagan paxta chigitini ajratish sexi, 67 kilogramm paxta, 624 kilogramm dorilangan chigit ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat kodeksining 169-modda 2-qismi «v,g» bandlari (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top