18:06 / 20.05.2021
8803

Farmatsevtika agentligi va uning tarkibiy tuzilmasida 19 milliard so‘mlik moliyaviy kamchiliklar aniqlandi

Ayni damda Aksilkorrupsiya agentligi taqdim qilgan hujjatlar asosida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va uning tarkibiy tuzilmasi hisoblanuvchi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKda budjet mablag‘larining foydalanilishi, qonun hujjatlariga rioya etilishi va korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.

Ma'lum qilinishicha, o‘rganishda, tashkilot mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan budjet mablag‘larining maqsadsiz sarf qilinishi, o‘zlashtirish va talon-toroj qilish holatlari, aslida ishlamagan xodimlar uchun oylik ish haqlari to‘lab kelinishi, budjetga soliqlarning to‘lanmaganligi, davlat xaridlari jarayonlari o‘tkazilishi, shuningdek, bir qator dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatida e'tirof etilmaydigan preparatlarni normativ talablarga zid ravishda dori vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi kabi qator qonun buzilishi holatlari aniqlangan.

“O‘rganish yakuni bo‘yicha Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va uning tarkibiy tuzilmasida jami 19 mlrd. 409 mln. 889 ming so‘mlik juda ko‘p miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar mavjudligi va budjet mablag‘larining sarf qilinishida belgilangan talablarning qo‘pol ravishda buzilganlik holatlari aniqlandi. Mavjud aniqlangan holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi”, deyiladi Aksilkorrupsiya agentligi xabarida.

Shuningdek, taqdim etilgan hujjatlar asosida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 184-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top