11:31 / 20.05.2021
5665
O‘zbekiston va Rossiya muntazam yo‘lovchi temir yo‘l qatnovini tiklashga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida kelishuvga erishdi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov “Rossiya temir yo‘llari” OAJ boshqaruvi raisi – bosh direktori Oleg Belozerov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi.

Rossiya kompaniyasi rahbari “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yo‘lini qo‘rish loyihasini amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini ma'lum qildi hamda mintaqa mamlakatlari iqtisodiy rivojlanishi va qator mamlakatlarning tranzit salohiyatini yuksaltirish uchun ushbu loyiha ahamiyatini qayd etdi. Mintaqada transport kommunikatsiyalari yangi arxitekturasini shakllantiruvchi ushbu loyiha amalga oshirilishi Sharqiy va Janubiy Osiyodan MDH va Yevropaga hamda teskari yo‘nalishda yuk tashish vaqt va xarajat parametrlarini 30 foizga kamaytirishi ta'kidlandi.

Loyihani texnik-iqtisodiy asoslashni va uni moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishga texnik yordam ko‘rsatish uchun ushbu sohada ilg‘or tajriba va texnologiyalarga ega bo‘lgan Rossiya ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarini jalb etishga kelishildi.

Temir yo‘lni qurish va ishga tushirish haqida kelishib olib, tomonlar undan kelgusida foydalanishning amaliy jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Afg‘oniston temir yo‘l sanoati uchun kadrlar tayyorlash dasturini birgalikda ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi.

Muloqot doirasida transport sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishning umumiy masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, yuk tashish shartlarini qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish orqali ikki davlatni bog‘lovchi temir yo‘l yo‘laklarining yuk bilan bandligini oshirish maqsadida hamkorlik qilish uchun keyingi tadbirlar belgilandi. Bu ishlab chiqaruvchilar va logistika kompaniyalari uchun vaqt va moddiy xarajatlarni kamaytiradi hamda ikki mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish imkonini beradi.

Rossiya bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini muntazam yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zbek va rossiyalik tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni shakllantirish orqali o‘zaro yuk tashish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha ham qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Epidemiologik vaziyat izga tushishi bilan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam yo‘lovchi temir yo‘l qatnovini bosqichma-bosqich qayta tiklashga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida ham kelishuvga erishildi.

Top