17:41 / 20.05.2021
3737

Tsement ishlab chiqarish hajmi 27 foizga oshdi

2021 yilning yanvar-aprel oylarida ko‘mir qazib olish 18,9 foizga, sement ishlab chiqarish hajmi esa 26,9 foizga o‘sgan. Shuningdek, dizel yonilg‘isi va gaz kondensati ishlab chiqarish keskin kamaygan.

Foto: stroymarket.com

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki 4 oyi davomida sement ishlab chiqarish hajmi 26,9 foizga oshgan.

Shuningdek, 2021 yilning yanvar-aprel oylari davomida, o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda ko‘mir qazib olish 229,3 ming tonnaga (18,9 foizga), neft ishlab chiqarish 2,4 ming tonnaga (1 foizga), tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi esa 584,2 million kub metrga (3,3 foizga) ko‘paygan.

Shu bilan bir qatorda, avtobuslar ishlab chiqarishda 37,5 foiz, avtomobil dvigatellari ishlab chiqarish sanoatida 41,8 foiz, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish sanoatida 62,1 foizlik pasayish kuzatilgan.

Bundan tashqari dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 164,7 ming tonnaga, gaz kondensati ishlab chiqarish esa 39,6 ming tonnaga kamaygan.

Ma'lumot uchun, 2021 yilning yanvar-aprel oylarida respublikada 124,3 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sanoat ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga oshgan.

Top