13:08 / 20.05.2021
7882

Xitoyda ajralishlar soni keskin kamaydi

Xitoyda ajrimga ariza bergan juftlik uchun 30 kun davomida «o‘ylab ko‘rish muddati»ning joriy qilinishi ajrimlar sonini 70 foizdan oshiqroqqa kamaytirdi.

Xitoy Fuqarolik ishlari vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 3 oyi davomida Xitoyda 296 mingga yaqin ajrimlar qayd qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida milliontani tashkil etgan. Mamlakatda o‘tgan bir yil ichida ajrimlar miqdori 70 foizdan oshiqroqqa kamaygan.

Buning sababi Fuqarolik kodeksiga kiritilgan yangi o‘zgartirishlar bilan izohlanmoqda. Endilikda ajrimga ariza bergan juftlik uni rasmiylashtirish uchun 30 kun davomida kutishga majbur bo‘ladi. Bu o‘zgarish joriy yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan bo‘lib, «o‘ylab ko‘rish muddati» sifatida baholangan.

Xitoyda bunday qonunning qabul qilinishiga mamlakatda ajralishlar soni ko‘payib, tug‘ilish darajasi kamayishi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan. Agar ariza bergan juftlik vakolatli organga 30 kundan 60 kungacha qayta murojaat qilmasa, ularning murojaati bekor qilinadi. Shuningdek, ariza topshirishga oiladagi zo‘ravonlik sabab qilib keltirilsa, ajrim o‘ylab ko‘rish muddatisiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshiriladi.

Dastlab, ushbu yangi qonunni Xitoy aholisi salbiy baholab, ko‘plab yoshlar umuman turmush qurmaslik bilan tahdid qilgan.

2003 yildan beri Xitoyda ajrashish darajasi keskin ko‘tarilib, demografik inqirozga olib keldi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, tug‘ilish darajasining pasayishi tufayli Xitoy aholisi asr oxiriga kelib ikki baravar kamayishi mumkin. Bunga javoban rasmiylar an'anaviy qadriyatlarni targ‘ib qilib va ajralishlarning oldini olishga harakat qilishmoqda.

Ma'lumot uchun, 2021 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda ajrimlar soni 15,4 foizga oshgan. Ushbu davr mobaynida respublika bo‘yicha 9213ta ajrim holati qayd etilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2020 yilning yanvar -mart oylarida 7,8 mingtani tashkil etgan.

Top