22:36 / 21.05.2021
6814
AQShning yirik sug‘urta kompaniyasi hakerlarga 40 million dollar to‘lab berdi 

AQShning yirik sug‘urta kompaniyalaridan biri CNA Financial hakerlik hujumidan keyin o‘z fayllariga kirishni tiklash uchun hakerlarga 40 mln dollar to‘lab berdi. Bu haqda kiberhujum tafsilotlaridan xabardor manbalarga tayanib Bloomberg axborot agentligi xabar berdi.

Kompaniya kompyuter tizimi joriy yil mart oyida Phoenix CryptoLocker shifrlovchi virusi hujumiga uchragan. Hakerlar bilan axborotni tiklash bo‘yicha muzokaralar hujumdan bir hafta o‘tib boshlangan. Hakerlar dastlab 60 mln dollar talab qilishgan, biroq kompaniya summani 40 mln dollargacha tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Agar ushbu ma'lumot chin bo‘lsa, unda ushbu to‘lov hakerlarga to‘langan eng yirik evaz pullaridan biri bo‘ladi. 

CNA Financial vakili ushbu holat yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan va kompaniya bunday vaziyatda amaldagi qonunlar, hukumat bergan tavsiyalarga amal qilishini ta'kidlab o‘tgan.

AQSh huquq-tartibot idoralari hakerlik hujumiga uchragan kompaniyalarga hakerlarga pul to‘lamaslikni tavsiya qiladi, chunki bu hakerlarni yanada ko‘proq qing‘irliklar qilishga va axborotni deshifrlash uchun ko‘proq pul talab qilishga undaydi. Biroq ko‘pincha kompaniyalar o‘z tizimlari bloklanishidan ziyon ko‘rmaslik uchun hakerlarga pul to‘lashga majbur bo‘ladilar.

Shunday holatlardan biri yaqinda yuz berdi: AQShdagi eng yirik yonilg‘i quvuriga egalik qiluvchi Colonial Pipeline kompaniyasi hakerlarga 5 mln dollar to‘lashga majbur bo‘lgan. 

Axborot xavfsizligi sohasida faoliyat yurituvchi Palo Alto Networks kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda hakerlarga to‘langan o‘rtacha evaz puli 312,5 ming dollarni tashkil qilgan. Bu esa 2019 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 171 foiz ko‘proq bo‘lgan.  

Top