15:50 / 21.05.2021
3750

«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ qirg‘izistonlik hamkorlar bilan aloqalarini mustahkamlamoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov joriy yilning 11-12 mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Qirg‘iziston Prezidenti mamlakatimizga tashrifi davomida O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes forumi doirasida tashkil etilgan «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Ko‘rgazmada ikki davlat rahbarlari «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ pavilonida ham bo‘lishib, elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasidagi loyihalar bilan tanishishdi va ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida mutassaddilar oldiga bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Shu kunlarda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va Qirg‘izistonning «Elektr stansiyalari» OAJ o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida memorandum hamda «Yo‘l xaritasi» imzolandi.

– Maqsadimiz ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish borasida mamlakatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash, – deb ta'kidlaydi «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ Boshqaruvi raisi F.Abdurahmonov.

Belgilab olingan vazifalar ijrosini ta'minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida yaqindan hamkorlik qilish, ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi Qirg‘iziston kompaniyalariga texnik ko‘mak ko‘rsatish, mahalliylashtirish dasturi doirasida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha maslahatlashuvlar uchun «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ vakillari ayni paytda Qirg‘izistonda bo‘lib turishibdi.

Tashrif davomida Qirg‘izistondagi mavjud issiqlik elektr stansiyalarining ish faoliyati o‘rganilib, elektroenergetika sohasini hamkorlikda rivojlantirish masalalari tahlil etilmoqda.

«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ matbuot xizmati

Top