18:16 / 21.05.2021
10904
Jahongir Ortiqxo‘jayev «Paxtakor» klubi rahbariyati bilan uchrashdi

Hukumat qarori asosida «Paxtakor» futbol klubi boshqaruvi Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazildi. Shu munosabat bilan bugun, 21 may kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev «Paxtakor» futbol klubi rahbariyati, asosiy jamoa va klub vakillari bilan uchrashish uchun «Paxtakor» stadioniga tashrif buyurdi.

«Unda Toshkent shahar hokimi «Paxtakor» jamoasi hamisha o‘zbek futboli faxri bo‘lib kelgani, bundan buyon klubda barcha sharoitlar muhayyo etilishi borasida futbolchilarga ta'kidladi. Jamoa O‘zbekistonda yetakchilikni saqlab, Osiyo Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylanish maqsadida harakatlarini muntazam kuchaytirib borishiga urg‘u berdi. Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilishi, yosh futbolchilar va akademiyaga e'tibor qaratilishi to‘g‘risida aytib o‘tdi. Klubdagi do‘stona muhit yangi g‘alabalar va rivojlanish yo‘lida asosiy qadam bo‘lishi haqida ta'kidladi. Klubda ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan rahbariyat va xodimlar ishga professional munosabatda bo‘lib, oxirgi yillarda klubni yuqori darajaga olib chiqishda faol mehnat qilayotgani va katta hajmda ishlar bajarilganini e'tirof etdi», - deya yozadi klub rasmiy sayti.

Uchrashuv yakunida «Paxtakor» bosh murabbiyi Piter Xyuistra va jamoa sardori Yegor Krimets minnatdorchilik sifatida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga «Paxtakor»ning birinchi raqamli libosini taqdim etishdi.

Avvalroq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020 yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatiga «Paxtakor» futbol klubini ham qo‘shgan edi. Klub 2020 yilda 82,7 milliard so‘m zarar ko‘rgani ta'kidlangandi.

Klub esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma'lumotiga e'tiroz bildirib, klub davlat budjetidan mablag‘ olmasligini, balki uning budjeti to‘lig‘icha « SFI Management Group» MChJ tomonidan shakllantirib kelinganini ma'lum qilgandi. Shu bilan birga, klub bayonotida Davaktiv agentligini to‘g‘ri va xolis axborot tarqatishga chaqirgandi.

Top