21:27 / 21.05.2021
6294

Samarqandda ASKUE hisoblagichlariga servis xizmat ko‘rsatuvchi markaz ochildi

O‘zbekistonda 2021 yil 1 avgustgacha elektr energiyasi iste'molchilarini to‘liq elektron hisoblash hisoblagichlari bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan.

Bu vazifa «Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorida belgilangan. Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi — ASKUEga jami 7 million 418 mingdan ziyod iste'molchini ulash rejalashtirilgan bo‘lib, ayni vaqtda bu boradagi ishlar yakuniy bosqichga kelib qoldi.

Bugungi kungacha mamlakat bo‘yicha jami 6 million 806 mingdan ortiq hisoblagich o‘rnatib bo‘lindi. O‘z-o‘zidan endi mazkur turdagi hisoblagichlarga servis xizmati ko‘rsatish zaruriyatini yuzaga keltiradi. Hozirgacha ushbu o‘rnatilgan hisoblagichlarning qariyb 4 million 793 mingtadan ortig‘i billing tizimiga ulangan bo‘lib, hisob-kitoblar avtomatik ravishda amalga oshirilmoqda.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan Samarqand shahrida ochilgan markaz nafaqat Samarqand, balki Buxoro va Jizzax viloyatlari uchun ham xizmat ko‘rsatadi. «KAIFA» rusumli «aqlli hisoblagichlar»ga servis xizmat ko‘rsatuvchi mazkur markazda hisoblagichlar bilan bog‘liq har qanday nosozlik o‘rganilib, bartaraf etiladi.

Markazning ochilish marosimida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov ishtirok etdi.

«Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga o‘tishdan so‘ng servis xizmatini tashkil etish eng muhim jarayon hisoblanadi.

Chunki uchta viloyat: Samarqand, Jizzax va Buxoroga 1 million 400 mingdan ortiq zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatilgan. Ularning barqaror ishlashi uchun albatta servis markazi kerak. Bugun «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ hamda «KT Corporation» kompaniyasi bilan birgalikda tashkil etilgan ushbu markaz iste'molchilarga ulkan qulaylik yaratadi.

Bu, albatta, oxirgi xizmat ko‘rsatish markazi emas, boshqa viloyatlarda ham tashkil etish rejalashtirilgan», dedi Jahongir Obidjonov.

Mutasaddilar markaz faoliyati bilan jurnalistlarni joyida tanishtirdi. «KT Corporation» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari In Ki Kim markaz haqda so‘zlab berdi:

«Ushbu markaz «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ko‘magida tashkil etildi. 2019 yildan beri O‘zbekistonga 1 million 400 mingta «aqlli hisoblagichlar» olib keldik. Hisoblagichlar markazlashtirilgan holda ishlaydi. COVID-19 sababli yuzaga kelgan pandemiya sharoitiga qaramay, belgilangan rejalarimizni amalga oshirdik. Yana ikkita viloyatda ham shunday markazlar ochiladi. Samarqanddagisi esa ularning eng yirigi hisoblanadi. Markaz hisoblagichlarda kuzatilgan nuqsonlarni bartaraf etadi.

Bu yerdagi uskunalarni «hisoblagichlarning hisoblagichi» deyish mumkin. Uskunalar o‘ta yuqori aniqlikda ishlaydi. Jahon standartlari bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu jihozlar eng yuqori, «1-tabaqa» uskunalar sirasiga kiradi», deydi In Ki Kim.

Jumladan, Markazda kafolatli bepul yoki pullik xizmat ko‘rsatish, hisoblagichdagi nuqsonlarni bartaraf etish uchun ehtiyot qismlarni boshqarish, ma'lum darajadagi nosozliklarni tahlil qilish hamda ishdan chiqqan elektron qurilmalarga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Mazkur markazda 14 nafar malakali mutaxassislar xizmat ko‘rsatadi.

Shu bilan bir qatorda Jizzax va Buxoro viloyatlaridagi texnik ofislar ham nosozlik aniqlangan hisoblagichlarni ta'mirlash imkoniyatiga ega.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ
matbuot xizmati

 
Top