15:00 / 21.05.2021
6552
Toshkentda suv ta'minoti soatbay tizimga o‘tishi mumkinmi? Soha mas'uli masalaga oydinlik kiritdi

2021 yil 21 may kuni AOKAda “O‘zsuvta'minot” AJ rahbariyati ishtirokida “Aholining ichimlik suvi bo‘yicha debitor qarzdorligi va tarmoqqa noqonuniy ulanishlarning oldini olish” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri “Suv tanqisligi yildan yilga og‘irlashib bormoqda. Viloyatlarda suvni soatbay ta'minlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yilgi mavjud og‘ir vaziyatdan kelib chiqib Toshkent shahrida ham soatbay tizimga o‘tish ehtimoli bormi?”, deya savol berdi.

“Toshkent shahar suv ta'minoti” MChJ direktori Maqsud Abbosxonov shunday javob qaytardi:

“Biz suv zaxiralari bo‘yicha Suv xo‘jaligi vazirligi bilan muntazam ish olib boramiz. Toshkent shahrining 80 foiz ta'minoti Qodiriya suv havzasidan olinadi. Iste'mol eng yuqori bo‘lgan yoz oylarida Toshkent shahriga sutkasiga 2-2,2 mln kub/metrgacha suv yetkazib beramiz. Hozircha zaxiramiz yetarli, soatbay ta'minot tizimiga o‘tish rejalashtirilmayapti.

Ammo bizni qiynab turgan muammolardan asosiysi – poytaxtning o‘zida 100 mlrd so‘mdan ortiq debitor qarzdorlik to‘planib qolgan. Bu albatta murakkab masala. Buning yechimi uchun sohani raqamlashtirish orqali to‘lov intizomi va madaniyatini kuchaytirish, shuningdek, yetkazib berilayotgan ichimlik suvi va ko‘rsatilgan oqova suv xizmatlari bo‘yicha pul mablag‘lari oqimi shaffofligini yanada oshirish orqali korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida, joriy yil 20 maydan 1 iyulgacha pilot loyiha tariqasida Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur hamda Toshkent viloyatining Qibray tumanlarida nazoratchilar tomonidan xizmatlar uchun aholidan pul undirish ishlari butunlay to‘xtatiladi.

O‘zi dunyo tajribasiga qaralsa, rivojlangan davlatlarda debitor qarzdorlik degan tushuncha yo‘q”, – dedi savolga javoban.

Top