18:07 / 22.05.2021
18383
Namanganda nogironlar oilasiga berilgan bepul uy olib qo‘yildi, o‘rniga kreditli uy berildi

Uch yil muqaddam mustaqillik bayrami arafasida Namanganda 90 nafar kam ta'minlangan va nogironligi bor fuqarolar bepul va imtiyozli kredit asosidagi arzon uy-joylar bilan ta'minlangan edi.

Viloyatning o‘sha paytdagi hokimi Xayrullo Bozorov, To‘raqo‘rg‘on tumani  hokimi (hozir viloyat hokimi o‘rinbosari) G‘ulomjon Murodxo‘jayev va viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Iroda Qo‘chqorova uylarning kalitlarini egalariga tantanali topshirishgan edi.

Viloyat hokimi tomonidan berilgan sertifikat

Bepul uy olganlar orasida II guruh nogironi, oqtoshlik Shukrullo G‘iyosov ham bo‘lgan. Jismoniy imkoniyati cheklangan 4 nafar inson yashaydigan ushbu oilaning o‘sha onlardagi quvonchi nihoyatda cheksiz edi. Ammo bu quvonch ko‘pga cho‘zilmadi: oila uchun tekinga ajratib berilgan uy-joy boshqa odamga tegishli bo‘lib chiqdi.

«Kuymazor» mahalla fuqarolar yig‘inida avval MTP binosi bo‘lgan, keyinchalik To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi sertifikati asosida umrbod foydalanishga berilgan uy-joy 2019 yilda shu mahallada yashovchi tadbirkor Anvarjon Mamajonov ismli shaxs tomonidan tortib olingan. Boisi — 2018 yilda imkoniyati cheklangan oila uchun ajratilgan ushbu uy-joy 2019 yilga kelib MIB tuman bo‘limi tomonidan auksionga chiqarilgan va tadbirkor uni xarid qilgan.

Shukrullo G‘iyosov

Bu masala bo‘yicha Shukrullo tuman hokimligiga bir necha bor murojaat qilgan, lekin mutasaddilar har gal tadbirkor nohaq ekanligini, uydan chiqarib yubora olmasligini ta'kidlashgan.

— 2018 yilda tuman hokimligi oilaviy sharoitimizni o‘rganib, uyga muhtojligimizni ko‘rib, sizlarga uy ajratiladi, deyishgan. O‘sha paytda tuman markazida qurilayotgan yangi uylardan 2 tasi ajratiladigan bo‘lgan. Lekin bizning to‘lov qobiliyatimiz yo‘q, deganmiz. Boisi — u paytda ishlamasdim. Shunda «sizlarga bepul uy ajratiladi», deyishdi va o‘sha eski MTP binosidan joy ajratib berishdi.

Otam-onam, 2 nafar singlim, o‘zim, rafiqam va farzandim bilan jami 7 kishi 6–7 oy o‘sha uyda yashadik. O‘shanda uy hujjatlarini rasmiylashtirib olish uchun imkonimiz bo‘lmadi. Uyda yashash sharoiti yaxshimas edi, qishda sovuq bo‘lib ketgani uchun eski hovlimizda yashashga majbur bo‘ldik. Mart oyida qayta ko‘chib bordik.

O‘shanda Anvarjon aka uyni sotib olganini, bo‘shatib qo‘yishimizni aytdi. Bir necha bor hokimlikka murojaat qildik, ulardan «uy sizlarniki, uydan chiqib ketmang», mazmunida javob xatlari keldi, — deydi Shukrullo.

2020 yilda tuman hokimligiga tayinlangan Zulayxo Mahkamova esa bu uy-joy Shukrulloning oilasiga vaqtinchalik yashash uchun ajratilganini aytgan.

– Hokim bilan gaplashganimda tumanning «O‘zbekiston» mahallasiga tushayotgan yangi uylardan ajratilishini, bu uyning boshlang‘ich to‘lovi davlat tomonidan, qolgan to‘lovlari esa tadbirkor tomonidan to‘lab berilishini aytdilar. Biz rozi bo‘ldik, chunki bizga berilgan avvalgi uy allaqachon buzilishi boshlangan edi, — deydi murojaatchi.

«Yangi berilgan uy uchun 3,5 mln so‘mni o‘zimiz to‘lashga majbur bo‘ldik, Anvarjon akaga aytsak, uydan chiqib ketmaguningcha bir tiyin ham bermayman deb turib oldi, shundan keyin qolgan to‘lovlari ham o‘zimizning gardanimizga tushib qolar ekan, degan xavotirga tushib qoldim», — deydi murojaatchi.

Xullas, avvalgi tekin uy uchun berilgan sertifikat bekor bo‘lgan. 1 million so‘m maoshli boquvchigagina ega bo‘lgan bu oilaga oylik maoshidan ikki barobar ko‘p to‘lovli kreditli uy berildi. Balki hokimiyatning nazdida bu oila uyli bo‘lgandir, lekin kamxarj va imkoniyati cheklangan oila uchun kredit pullarini to‘lash va kun kechirish anchayin mushkul masala.

Murojaat yuzasidan tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga yuzlandik.

Akmalxon To‘rayev, To‘raqo‘rg‘on tuman hokimi o‘rinbosari

— Fuqaro Shukrulloga berilgan uy asli «G‘ayrat» MTP balansida bo‘lgan. Uni tadbirkor auksion orqali sotib olgan. 2020 yil tadbirkor u yerda bog‘cha va mahalla uchun bino qurgan. Shukurulloga esa boshqa joydan ajratilgan uyning pulini oyma-oy to‘lab beradigan bo‘lgan, shu shart bilan Shukurulloni boshqa uyga ko‘chirganmiz, buni o‘z nazoratimizga olamiz, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari Akmalxon To‘rayev.

Hokimiyat mutasaddisining ta'kidlashicha, boshqa tashkilot balansida turgan binoni kimgadir berib yuborishga aslida hokimiyatning vakolati yo‘q.

Shukrulloning uy bo‘yicha muammosi mutasaddilar ta'kidlaganidek, tez orada yechimini topar. Ammo, bizni bir savol o‘ylantiradi: bundan 3 yil avval Shukrullo kabi uyli bo‘lgan 90 nafar fuqaroning taqdiri nima kechdi ekan? To‘lovlar ularni ham qiynamayaptimi?

Bu savolga viloyat hokimligi mas'ullaridan javob kutamiz.

Yulduz Yuldasheva, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi: Boymirza Xalilov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top