20:00 / 22.05.2021
5665
PepsiCo'ning O‘zbekistondagi rasmiy bottleri International Beverages Tashkent kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini yanada targ‘ib qilishga, yoshlarimizni sportga keng jalb qilishga Prezidentimiz tomonidan katta e'tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bir qator dasturlarni amalga oshirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 noyabrdagi Respublika komissiyasi yig‘ilishining tegishli bayonnomasiga muvofiq, bir qator yetakchi tashkilotlar yurtimizda ommaviy sport targ‘ibotini kuchaytirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Bugun, 22 may kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida ana shunday tashkilotlardan biri PepsiCo kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy bottleri International Beverages Tashkent (IBT) bilan hamkorlik memorandumini imzolash tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unga ko‘ra, IBT kompaniyasi professional boks bo‘yicha WBA va IBF kamarlari sohibi, Rio-2016 sovrindori Murodjon Ahmadaliyev va boshqa yulduz sportchilarimiz bilan respublikada ommaviy sportni rivojlantirish va uni aholi orasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha birgalikda ishlashadi.

Shu bilan birga, International Beverages Tashkent kompaniyasining strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Shuxrat Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, IBT moliyaviy ko‘magi asosida yurtimizda ommaviy sport targ‘iboti, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston — yangi g‘alabalar” g‘oyasini mujassam qilgan targ‘ibot ishlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bunda yurtimizning mashhur sportchilarini umumiy loyihalarni amalga oshirish uchun jalb qilish, o‘zbek sportining yorqin vakillari siymosida yoshlar uchun qahramonlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi. Bu borada International Beverages Tashkent kompaniyasi va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda muayyan ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Reklama huquqi asosida

Top