12:38 / 22.05.2021
6221

«Qaysidir bosqichda vazifa chala bajarilsa, keyingisiga o‘tkazilmaydi» – Ta'lim inspeksiyasi PISA jarayonlari haqida

Avstraliya ta'lim tadqiqotlari kengashi (ACER) tashabbusi bilan PISA – 15 yoshli o‘quvchilarning savodxonlik darajasini baholashga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rtoqlashishga bag‘ishlangan vebinar tashkil etildi.

Foto: Ta'lim inspeksiyasi

Ma'lumki, O‘zbekiston ilk marotaba 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholashga yo‘naltirilgan xalqaro tadqiqotlarda (PISA) ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu baholash dasturining asosiy tadqiqotlari 2022 yilda tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

Undan avval esa qoida tariqasida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) talablariga muvofiq, har bir mamlakatda tashkil etilgan Milliy markazlar tomonidan tajriba-sinov jarayonlari o‘tkaziladi.

Ta'lim inspeksiyasi Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotda 22 aprel – 18 may kunlari mamlakatning 14 ta hududidagi 83 ta maktabda o‘tkazilgan tajriba-sinov jarayoni xulosalari bayon qilingan.

Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori, PISA loyihasi milliy menejyeri Abduvali Ismoilov o‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha tajriba-sinov tadqiqotlari haqida o‘z fikrlarini bildirgan.

«Mamlakatimizda tajriba-sinov jarayonlari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan belgilangan PISA xalqaro standartlariga muvofiq, Vestat (AQSh), ETS (AQSh), ACER (Avstraliya), Capstan (Belgiya) tashkilotlari bilan kelishilgan holda tashkil etildi.

PISA’da 90ga yaqin davlatda turli til, o‘quv dasturlari va metodikalari asosida ta'lim oladigan, turli madaniyat va qadriyat vakillari bo‘lgan o‘quvchilarning bilimi bir xil mezonda baholanadi. Buni tashkil qilish esa oson vazifa emas. Shuning uchun, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti har bir mamlakatda tadqiqotlarni tashkil qilish uchun alohida mas'ul milliy markaz tashkil etish shartini qo‘yadi.

Tadqiqot materiallari maxfiy hisoblanadi. Faqat milliy markazlarga yuboriladi va topshiriqlar tegishli davlat tillariga tarjima qilinadi. Har bir qadamda nima ish amalga oshirilishi bo‘yicha standart, yo‘riqnoma va qo‘llanmalar ishlab chiqilgan.

Tizim shunday qilinganki, agar qaysidir bosqichda vazifa chala yoki noto‘g‘ri bajarilsa, keyingi bosqichga o‘tkazilmaydi. Shuning uchun ikki yil davomida milliy markazimiz mutaxassislari AQSh, Avstriya, Germaniya, Tailand va Afinada bo‘lib o‘tgan xalqaro treninglar, shuningdek, onlayn vebinarlarda ishtirok etdilar.

Qo‘llanmalarning ko‘plarini o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillariga ham tarjima qildik hamda xalqaro talab doirasida moslashtirdik.

Soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, birgina test o‘tkazish ssenariysida o‘quvchilar bilan «salomlashish»dan tortib, deyarli to‘rt soatlik testdan keyin xonani tark etishgacha bo‘lgan harakatlar yozib qo‘yilgan. Test administratorlaridan ushbu yozilgan qoidalarga qat'iy rioya qilish talab etiladi. Bu esa butun dunyoda test jarayonlari bir xil tartibda tashkil etilishini ta'minlaydi. Mas'ullar o‘zining avvalgi tajribasiga tayanib, boshqacha yo‘l tutishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, tanlangan maktablar bo‘ysunuvchi tashkilot sifatida emas, hamkor sifatida qaraladi. Test administratorlarimiz tanlangan maktab koordinatori va o‘qituvchilari bilan xushmuomala bo‘lishi, ular bilan olib boriladigan hamkorlikka oid muloqotning mazmuni ham yozib qo‘yilgan.

«Sifatga erishish» faqatgina natija bilan emas, balki jarayondagi har bir kichik, arzimas bo‘lib ko‘ringan qoidalar va tafsilotlarga rioya qilish bilan yuzaga keladi. Xalqaro ISO standartida ham Process approach, ya'ni «Jarayonga oid yondashuv» tamoyili mavjud.

Bu faqat PISA emas, xuddi shunday jarayonlar PIRLS dasturi bilan ham sodir bo‘lgan. Endilikda TIMSS va TALIS tadqiqotlariga tayyorgarlikka kirishdik.

Ushbu tadqiqotlarni xalqaro standartlar asosida joriy qilish orqali yurtimizning nomi xalqaro nufuzli reytinglarda namoyon bo‘lishiga erishish, xorijiy mamlakatlar bilan solishtirma tahliliy ma'lumotlarga ega bo‘lish bilan bir qatorda, jamoamizda ham umumiy o‘rta ta'lim tizimining boshidan oxirigacha bo‘lgan bosqichida baholash bo‘yicha katta salohiyat va tajriba shakllanmoqda.

Tajriba-sinov jarayonlarini muvaffaqiyatli yakunlab ma'lumotlarni taqdim etganimizdan so‘ng, ACER tashkiloti vakillari qoniqish hosil qilishganini va ushbu tajribani boshqa davlatlarga ham o‘rtoqlashishni taklif qilishdi. Aslida, tajriba-sinovni maktablarda o‘tkazib olganimiz bilan vazifamiz bajarildi, deya olmaymiz, chunki oldimizda kodlashtirish, ma'lumotlarni umumlashtirish va xalqaro tashkilotlarga taqdim qilishdek juda katta mas'uliyatli ishlar turibdi», – degan Abduvali Ismoilov.

Shuningdek, ta'kidlanishicha, mazkur tadqiqotlar tanlangan maktablarning mas'ul koordinatorlari, testlarni o‘tkazish bo‘yicha administratorlar, tadqiqot jarayonlarining sifatini nazorat qilib boruvchi kuzatuvchilar uchun maxsus treninglar olib borish hamda ularning ishini tashkil etishda o‘ziga xos murakkabliklarga ega.

«PISA talablariga ko‘ra, tadqiqotda qatnashayotgan maktablarning kamida 10 foizi, boshqacha aytganda, 84 tadan 9 ta maktab 1-2 nafar sifat nazoratchilari tomonidan kuzatib borilishi lozimligi belgilangan. Lekin O‘zbekiston sharoitida 15 nafar sifat nazoratchisi tomonidan 42 ta maktabda kuzatuvlar olib borilib, uning qamrov darajasi kamida 10 foizlik o‘rniga 52,4 foizga olib chiqilgani alohida e'tiborga sazovor bo‘ldi.

Shu bilan birga, tadqiqotda qatnashish uchun tanlab olingan o‘quvchilarning davomati kamida 86 foiz bo‘lishi lozimligi kabi talab belgilangan. O‘zbekistonda tanlangan 4803 nafar o‘quvchidan 4574 nafarining ishtiroki ta'minlanib, ushbu davomat ko‘rsatkichi 95,2 foizga yetkazildi», deyiladi inspeksiya ma'lumotida.

Top