14:42 / 22.05.2021
8996
Simeone bu safar uddalaydimi? La Liga chempionlik intrigasi anonsi

2003/04 mavsumda Rafa Benites boshchiligidagi «Valensiya» Ispaniya chempioniga aylangan va bu murabbiy uchun ikkinchi shunday sovrin edi. La Ligada «Real» va «Barselona»dan boshqa jamoa chempion bo‘lishi juda qiyin masala, bu klublarni boshqarmay turib, ikki marta chempion bo‘lgan murabbiylarning oxirgisi aynan Benitesdir. Gapni uzoqdan olib kelganimizning sababi, Diyego Simeone bugun aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha ispaniyalik hamkasbining natijasini takrorlashi mumkin.

Bundan yetti yil oldin, «Atletiko» «Barselona» bilan so‘nggi turlargacha raqobat olib borgan va yakunda mamlakat chempioniga aylangandi. Boshqa g‘alabalar bo‘yicha ham, Simeonening ko‘rsatkichi kam emas, ikkita Yevropa Ligasi, Ispaniya kubogi, ikki marta YeChL finali – bu Benitesning «Valensiya»sidan kam emas. Simeonening yutuq tomoni shundan iboratki, Benites bu natijalarga asosan bir tarkib, jamoa bilan erishgan, argentinalik mutaxassis esa deyarli yangi jamoa qurib bo‘ldi. O‘sha 7 yil oldingi tarkibdan faqat Koke qolgan, murabbiy umumiy natijalarda katta pasayishlar kuzatilmagan holda mutlaqo yangi jamoa qurishga erishdi.

Shuncha gap o‘z ma'nosida qolishi uchun «Atletiko» bugun safarda «Valyadolid» ustidan g‘alaba qozonsa kifoya. Albatta, bu oson bo‘lmaydi. Zero katta bosim ostida «Atletiko» o‘tgan turda «Osasuna» ustidan zo‘rg‘a irodali g‘alabaga erishdi. «Valyadolid» yanada qattiqroq qarshilik ko‘rsatishi shubhasiz, chunki birinchidan, jamoa o‘z maydonida to‘p suradi. Ikkinchidan, Serjio Gonsales shogirdlari La Ligada jon saqlab qolishlari uchun bugun g‘alaba uchun o‘ynashlari shart. 31 ochko bilan 19-o‘rinda borishmoqda. «Valyadolid» ligada qolishi uchun bugun «Atletiko»ni yengishi, «Ueska» va «Elche» (33 ochkodan) esa mos ravishda «Valensiya» va «Atletik»ga yutqazishlari kerak bo‘ladi. Tabiiyki, «Ueska» va «Elche» o‘rtasida ham sirtqi raqobat ketmoqda, ulardan kamida bittasi elitani tark etadi. Demak, bu jamoalar ham eslab o‘tilgan o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatni ishga soladilar.

«Atletiko» hal qiluvchi bahsda asosiy himoyachilardan biri Stefan Savichning yordamidan foydalana olmaydi. Futbolchi diskvalifikatsiyaga uchragan. Ammo «Valyadolid» safida yo‘qotishlar ko‘proq – Orelyana, Kodro, Garsiya kabi jarohatlanganlardan tashqari, Alkaras va Ximenes sariq va qizil kartochkalar tufayli so‘nggi turda sheriklariga yordam bera olishmaydi.

Mavsum qahramoni esa urugvaylik hujumchi Luis Suares bo‘lishi mumkin. O‘tgan yilning yozida «Barselona» rahbariyati hujumchini jamoa uchun keraksiz deb topdi va aynan mana shu qaror bu yilgi La Liga taqdirini hal qildi, deyishimiz mumkin. Birinchidan, Suares o‘zining 20 goli bilan «Atletiko»ga eng yetishmagan jihat – barqaror to‘purar ehtiyojini yopa oldi. Uning o‘tgan hafta «Osasuna» darvozasiga so‘nggi daqiqalarda urgan goli balki mavsumning hal qiluvchi goli sifatida qolishi mumkin. Ikkinchidan, Suaresning gollari «Barselona»ga yetishmadi va kataloniyaliklarni chempionlik poygasidan chiqarib yubordi. Leo Messi odatiy 30 golini urgan bo‘lsa-da, tarkibda unga yordamchi bo‘ladigan va kerakli gollarni uradigan sherik topilmadi. «Barselona» tarkibida Messidan keyingi to‘purar – Antuan Grizmann hisobida atigi 12 gol bor xolos. Bugun «Eybar» mehmoni bo‘ladigan «Barselona»da hatto 2-o‘ringa ko‘tarilish uchun imkoniyat yo‘q, ammo agar mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, 4-o‘ringa ham tushib ketishi mumkin. «Barselona» 2008 yildan beri, 13 yil davomida 2-o‘rindan pastga tushmay kelayotgandi.

Albatta, barchasi «Atletiko»ning o‘z qo‘lida bo‘lsa-da, «Real»da ham qatorasiga ikkinchi chempionlik uchun imkoniyat yetarli. «Qirollik klubi» hamshaharlaridan «Real»ning raqibi – «Vilyarreal», kuchliroq. Emeri jamoasi yevrokuboklar uchun bahs olib boryapti, birinchi davrada «Real»dan yutqazmagan, o‘tgan turda «Sevilya» ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozongan. Ammo shuni e'tiborga olish kerakki, «Vilyareal» to‘rt kun o‘tib, Yevropa Ligasi finalida «Manchester Yunayted»ga qarshi maydonga tushadi. Finaldagi g‘alaba «Vilyareal»ga o‘z tarixidagi ilk sovrinni olib kelishi, bonus sifatida Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini taqdim etishi mumkin. Demak, katta ehtimol bilan Emeri asosiy e'tiborni kelasi haftadagi finalga qaratishi va bir qator yetakchi futbolchilarga dam berishi mumkin. Kamida, o‘yin «Real» uchun yaxshi boshlangan pallada, vaziyatni o‘nglash uchun bor imkoniyatini tashlamasligi aniq.

«Real»ning muammolari bu mavsum uchun odatiy bo‘lgan jarohatlar bilan bog‘liq. Atigi bir necha o‘yinda maydonga tushgan Eden Azar yana o‘zini yomon his qila boshladi va katta ehtimol bilan jamoaga yordam bera olmaydi. Shuningdek, Karvaxal, Mendi, Vaskes va Kroos kabi futbolchilarni ham mezbonlar tarkibida ko‘ra olmaymiz. Faqat, Serxio Ramosning maydonga qaytishi bo‘yicha ma'lumotlar bor.

Xullas, qo‘yidagi o‘yinlar La Ligada hali javob berilmagan savollarni hal qiladi. Chempionlik va ligani tark etadigan jamoalar soni ushbu o‘yinlar natijasiga ko‘ra aniq bo‘ladi:

La Liga. 38-tur. 22 may (shanba)

21:00. ReAL – VILYaReAL

TV-translatsiya: FutbolTV

21:00. VALYaDOLID – ATLeTIKO

TV-translatsiya: UzReportTV

21:00. UESKA – VALeNSIYa

21:00. ELChe – ATLeTIK

So‘nggi turning qolgan o‘yinlari:

21:00. Eybar – Barselona

21:00. Osasuna – Real Sosedad

21:00. Selta – Betis

23 may (yakshanba)

21:30. Granada – Xetafe

00:00. Sevilya – Alaves.

Top