15:57 / 22.05.2021
10431

Urchug‘i momolaridan meros qolgan sirdaryolik hunarmand-o‘qituvchi

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yashovchi hunarmand Asiba Botirova gilam to‘qish bilan bolaligidan shug‘ullangan. 36 yil davomida o‘rta maktabda o‘qituvchilik qilib, pensiyaga chiqqan onaxon tinch o‘tirgani yo‘q.

Paymard mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Asiba opa ayni paytda gilamning har xil turlari, jumladan, julpat, qoqma, sholcha kabi turlarini to‘qiydi. 2020 yilda 5 nafar shogird tayyorladi. Maktab o‘quvchilari, pensiya yoshidagi ayollar doimiy ravishda kelib, gilam to‘qishni o‘rganishadi.

Hunarmand hozirda 10 nafar ishsiz fuqaroni ish bilan ta'minlashni, oylik maosh asosida ishga olishni rejalashtirgan.

O‘rtacha 2x3 metr yuzali gilam va sholchalarni to‘qish uchun 8-10 kg ip ketadi. Iplar asosan qo‘y yungidan tayyorlanadi. Asiba Botirovaning aytishicha, bunday mahsulotlardan tayyorlangan gilam va sholchalar qishda issiq, yozda salqin saqlaydi.

Qo‘y yungi dastlab tozalab yuvilib, savalanadi va chuyka holiga keltiriladi. Undan so‘ng ip yigiriladi, kalava holiga keltiriladi hamda ranglanadi. Rang berishda tabiiy va kimyoviy bo‘yoqlardan foydalaniladi.

«Qo‘limdagi urchuq – antikvar narsa. Katta onamdan qolgan ekan. U baraka keltiradi», – deydi Asiba Botirova.

Bitta gilam 20-30 kunda to‘qib tugatiladi. To‘qilgan gilamlar mahalliy xaridorlarga, respublika ko‘rgazmalarida xorijiy sayyoh va mehmonlarga sotiladi.

Bundan tashqari, oilaviy korxonada qo‘y yungi va paxta ipdan Qur'on kitobini solish uchun mo‘ljallangan qopchalar, joynamoz, quroq, o‘rindiqlar uchun taglik to‘qiladi.

Asiba opa bo‘sh vaqtida o‘zining tomorqasida 70 xildagi gullarni ham parvarishlaydi. Gullardan urug‘ini olib, har bir kilogrammidan 700-800 ming so‘m daromad oladi.

Shuhrat Yunusov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid
Top