15:25 / 23.05.2021
18484

Abduqodir Toshqulov – magistraturaga qabuldagi o‘zgarishlar, ta'lim sifati va OAVga «yopilib olgani» haqida

Toshkent shahrida «Toshkent 5 tashabbus harakati» tadbirlari doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulovning yoshlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. 

Muloqot davomida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Kun.uz muxbirining ham bir qator savollariga javob berdi.

Bu yil magistraturaga mos bo‘lmagan yo‘nalishga hujjat topshirish imkoni berilmasligiga qabullardagi korrupsiya oqibatlari sabab bo‘lgani haqida

Keling, oliy ta'limdagi korrupsiya haqida qisqagina gapiramiz. Hozir oliy ta'limning qaysi sohalarida korrupsiya qoldi?

Masalan, shu paytgacha ham o‘qishni xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga ko‘chirishda korrupsiya borligi qulog‘imizga tez-tez chalinardi.

Avvallari o‘qishini ko‘chirayotganlar oliy ta'lim vazirligining ba'zasi orqali test qilinardi. Bunda ishonchsizlikka sabablar bor edi. Endi shu jarayon Davlat test markaziga o‘tkaziladi. Ya'ni bu ishlar bilan Davlat test markazi shug‘ullanishi kerak. Bu shaffoflik, bu adolat.

Ikkinchidan, o‘qishini chetdan ko‘chiruvchilarga ham o‘zimizdagi kabi imkoniyatlar yaratiladi.

Bir yil oldingi o‘tish bali masalasi qo‘yilsa, to‘rt ballik shkala ham o‘ynasa, oshirilgan kontraktlar ham ularga amal qilsa. Endilikda odamlarning nega bu oshirilgan kontrakt to‘laydi-yu, ikkinchi kishi qo‘shni davlatdan aylanib kelib, ikkinchi kursdan talaba bo‘larkan, degan savollariga barham beriladi. Bu ham navbatdagi qadam.

Siz haqsiz, magistraturadagi hozirgi ahvolga o‘tgan yillar davomida qabulning yaxshi bo‘lmagani sabab. Biz endilikda qabuldagi o‘zgarishning turdosh masalasida o‘ziga-o‘zi qilmoqchi emasmiz. Buni biroz qisqartirmoqchimiz. Chunki to‘g‘ri kelmaydigan holatlar bor.

Masalan, biologiyadan kimyoga mumkin, moliyadan iqtisodga mumkin. Hattoki, matematikadan iqtisodga ham mumkin, qoladi ular. Lekin, masalan, adabiyotdan moliyaga, yuridikka...

Bunday turdosh bo‘lmagan va hatto bakalavrdagi fanlar bloklari to‘g‘ri kelmaydigan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘ylab ko‘ramiz. Biz buning ro‘yxatini e'lon qilamiz, muhokamadan o‘tkazamiz. Shundan keyin qaror qabul qilamiz.

Vazir o‘tgan to‘rt oylik faoliyatidagi ta'lim sifatini oshirish uchun nima ishlar qilgani va oxirgi paytlarda OAVga «yopilib olgani» haqida

Haqiqatan ham, vazirlikda faoliyat boshlaganimga 100 kundan ko‘proq vaqt o‘tdi. Ochig‘i, faoliyatimizda muammolar ko‘p, yutuqlar ham kam emas.

Keling, oliy ta'limda hozirgi baholash tizimini olaylik. Birinchi kurslar kredit modulda o‘qiyapti, to‘g‘rimi? Ikkinchi, uchinchi kurslar 5 balli tizimda o‘qiyapti. To‘rtinchi kurslar esa 100 balli tizimda baholanyapti. Oliy ta'limda talabani baholashning o‘zi uch xil. Buni bir xillashtirish kerakmi?

Ikkinchisi – darslik va o‘quv qo‘llanmalar masalasi. Biz hozir nima qilmoqchimiz? Birinchi bosqichda tabiiy fanlar, aniq fanlar va chet tillaridan bosqichma-bosqich dunyo tan olgan davlatlarning darsliklarini tarjima qilib, o‘zimizdagi ta'limga olib kirmoqchimiz? Mafkuraviy, siyosiy ahamiyatini hisobga olgan holda.

Masalan, Angliyada o‘qitilayotgan biologiyani o‘zimizda o‘qitishimizni qanday siyosiy tomoni bor? Yoki Yaponiyada o‘qitilayotgan darsliklarni-chi? Hech qanday. Shularni o‘zimizga integratsiya qilish kerak, shuningdek, oliy ta'lim muassasalariga mustaqillik berish kerak. OTMlar maqbulini talabaga o‘qitsin.

Oliy ta'limda 1974 yildagi darslikni o‘qitgandan ko‘ra, rivojlangan davlatlarda hozir o‘qitilayotgan darsliklarni olib kelib, o‘qitish foydali.

Biz shu ishlar bilan bo‘lib, birinchi yuz kunlikda OAVga ko‘p chiqayotganimiz yo‘q.

Shuningdek, universitet bu – alohida sub'yekt, u yerdagi rektorlik boshqa. Xalq ta'limidan bizning farqimiz bor. Maktablar to‘liq budjetdan moliyalashtiriladi va bitta tizimga moslashtirilgan. Lekin OTMlarning o‘ziga yarasha mustaqilligi bor. Bu mustaqillika qarab yanada ildam ketyapmiz.

Rektorlik paytimda mustaqil edim. U yerda besh kunlik o‘quvni tashkil qilganimda birorta hududda bu amaliyot qilinmagandi. Talabalarning formasiga erkinlik berganimda bu ham biror joyda qilinmagandi. Lekin vazirlikda boshqacha. Vazir bu hukumat a'zosi. Vazir aytgan har bir so‘zning vazni bor. Ya'ni u davlatning oliy ta'lim borasidagi siyosatini ko‘rsatadi. Shuning uchun ko‘p narsani o‘ylab gapiramiz.

Men so‘zimni boshida ham aytdim, dunyoni kontekst buzyapti (og‘zaki yoki yozma nutq (matn)ning nisbatan tugal qismi – tahr). Shu bugungi gaplarimdan ham kesib-kesib qanday roliklar tayyorlanishini sezib turibman. Men bundan qo‘rqmayman. Aytgan gapimga javob beraman. Lekin hukumat a'zosining gapi shu tizim siyosatini belgilash ekan, men o‘ylab gapirishga majburman.

O‘ylashimcha, avval ishni qilib, keyin gapirishimiz kerak.

Bugungacha 58 ming o‘rinli talabalar turar joylari bor edi. Bu bilan ehtiyojimizning 28 foizi qondirilgandi. Hozir prezident 4,4 trln. so‘m pul ajratib, 96 ming o‘rinli yotoqxonalar qurishga topshiriq berdi.

Qarang, bungacha 58 ming edi, 2025 yilgacha esa yana 96 ming o‘rinli yotoqxonalar quriladi. Bunga qo‘shimcha tarzda 1 sentyabrgacha yotoqxonalardagi yotoq o‘rinlarini 2 yarusli qilish hisobiga yana 35 mingta o‘rin yaratiladi.

Ikkinchidan (buni o‘zimning ishim deb bilaman), professional ta'limga tushyapman. Bizning nomimiz Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, oliy ta'lim emas. Texnikum va kasb-hunar maktablarining faoliyati ham vazirlikda. Bularning faoliyatida ham muammolar juda ko‘p.

Siz aytganingizdek, oliy ta'lim muassasalarining faoliyatini boshqarish unchalik to‘g‘ri emas. OTMlar hamma sohada mustaqil bo‘lib boraverishi kerak. Biz professional va kasbiy ta'limni rivojlantirishimiz kerak.

Vazir sifatida 137ta OTM faoliyatini muvofiqlashtirishda bitta universitetdagi kabi aniq islohotni ko‘rsatish qiyin. Ta'limda islohot asta-sekinlik bilan bo‘ladi.

Bizning asosiy ishimizni yaqinlashayotgan qabulda ko‘rasiz. Bu yilgi qabul boshqacha bo‘ladi. U shaffof va ochiq o‘tadi.

Birorta o‘qituvchi pora bilan ushlanibdi, degan gap yurakka xanjarday botadi. Xudo xohlasa, bu kabi holatlar avvalgi yillarga qaraganda barobarlarga kamayadi.

Shu qabulning natijasini ko‘rib, yangi vazir bilan suhbat qilsak, to‘g‘riroq bo‘ladi.

Top