22:24 / 23.05.2021
7905

Iroq prezidenti mamlakat korrupsiya sababli trillion dollar yo‘qotganini ma'lum qildi 

Iroq milliy iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilgan korrupsiyaviy bitimlar sababli 2003 yildan beri bir trillion dollar yo‘qotdi. Bunday ma'lumotlarni Iroq prezidenti Barhom Solih keltirib o‘tdi.

Foto: EPA/KAMAL AKRAYI

“2003 yildan to hozirgacha Iroq korrupsiya sababli trillion dollar yo‘qotdi”, deb keltirgan Solihning so‘zlarini Alsumaria TV telekanali.

Iroq prezidentining ma'lum qilishicha, 20 yildan kamroq davr ichida korrupsiyaviy bitimlar sababli mamlakatdan noqonuniy ravishda 150 mlrd dollar olib chiqib ketilgan, neft tarmog‘ida tuzilgan nopok kelishuvlar tufayli xorijga millionlab dollarlar jo‘natilgan. 

Solihning fikricha, “korrupsiya va terrorchilik o‘zaro bog‘langan hamda bir maqsadni ko‘zlaydi”. Shu sababli, Iroq prezidenti mamlakat parlamentiga korrupsiyadan olingan daromadlarni undirish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritgan. Ushbu qonun loyihasi noqonuniy yo‘l bilan olingan mablag‘larni qaytarish va korrupsiyachilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha choralarni o‘z ichiga olgan.

Solih shu o‘rinda IShID terrorchi guruhiga qarshi kurash olib borgan xalqaro alyans kabi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi xalqaro koalitsiyani tashkil etishga chaqirgan.

Top