16:28 / 23.05.2021
10961
«Kriptovalutalar xavotiri, dollarning oshishi, MDHga kirishi kutilayotgan Tesla» – hafta xabarlari

May oyining uchinchi haftasi jahon va O‘zbekiston iqtisodiyotida kutilmagan yangiliklarga boy bo‘ldi. Kun.uz haftaning «pullik» xabarlarini to‘pladi.

Tesla rasman MDH davlatlari bozoriga kirishi mumkin

Tesla va SapceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask tez orada Tesla MDH bozorlariga kirishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, u Rossiyada Tesla zavodini ochishga ruxsat berdi.

«Menimcha, biz tez orada Rossiyada bo‘lamiz. Shuningdek, Qozog‘iston va boshqa MDH davlatlariga kengroq e'tibor qaratishimiz kerak. Bu biz uchun muhim», – dedi Mask o‘tgan haftada Rossiyada bo‘lib o‘tgan forumda.

Oltin narxi oxirgi 4 oyda eng yuqori ko‘rsatkichda o‘sdi

17 maydan jahon bozorida oltinning bir unsiyasi 1853 dollarni tashkil etdi. Fevraldan boshlangan oltin narxidagi pastlashdan keyin o‘tgan haftadagi narx oxirgi 4 oydagi eng yuqori ko‘tarilish bo‘ldi.

Davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga preferensiyalar qo‘llanadi

Tanlovda (tenderda) xorijiy yetkazib beruvchilar bilan birga ikki yoki undan ortiq ishtirokchilar – mahalliy ishlab chiqaruvchilar bo‘lgan taqdirda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda narx preferensiyasi qo‘llanadi.

Bunda har bir lot bo‘yicha 15 foiz miqdorida narx preferensiyasi beriladi hamda respublika hududida sanoat ishlab chiqarish (ishlarni bajarish, xizmat ko‘rsatish) faoliyatini amalga oshiradigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan qo‘llanadi.

Tijorat banklarida dollar kursi oshdi

Hafta oxirida tijorat banklarida dollar kursi 10 650 so‘mgacha ko‘tarildi.

Bir qator banklarda dollar olish 10 550-10 580 so‘mdan, sotish 10 640-10 650 so‘mdan taklif etildi. Bu yangi maksimal ko‘rsatkich. Ilk bor kurs 10 700 so‘mga yaqinlashdi.

So‘nggi marta banklarda dollar kursi 19 may kuni ko‘tarilgandi (1 AQSh dollarining sotish kursi – 10 630 so‘m).

«Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» 95 markali benzin ishlab chiqara boshladi

Zavod tomonidan joriy yilning 19 may kunidan yangi mahsulot – AI-95 markali avtomobil yonilg‘isining ilk partiyasi birja savdosiga qo‘yildi.

Ushbu mahsulot «Farg‘ona NQIZ» MChJ tomonidan so‘nggi paytlarda zavodda yo‘lga qo‘yilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida o‘zlashtirilgan.

So‘nggi ikki oy ichida «FNQIZ»da «YeVRO-4» standartidagi dizel yonilg‘isi va B-92 markali yuqori oktanli aviatsiya benzini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Kriptovalutalar qiymati keskin pasaydi

O‘tgan hafta kriptovaluta investorlari uchun xavotirli bo‘ldi. Bitkoin va boshqa kriptovalutalar qiymati keskin pasayib ketdi.

Chorshanba kuni bitkoin 30 foizga pasayib, qiymati 30 ming dollarni tashkil qildi. Unga boshqa kriptovalutalar ham ergashib, keskin tushish tendensiyasini namoyon qildi.

Bitkoin va boshqa kriptovalutalarning keskin pasayishi Tesla bosh direktori Ilon Maskning kriptovalutalardan foydalanmaslikni ma'lum qilgani va Xitoy hukumatining bayonoti bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda parrandalar soni keskin kamaydi

Birinchi chorakda O‘zbekistonda parranda boshi 6 millionga kamaydi. Tuxum narxi esa 3,6 foizga qimmatlagan.

Bunga parrandalar asosan yil boshida sanatsiya qilinishi sabab qilib ko‘rsatildi. «O‘zbekchorvanasl» agentligi mas'uliga ko‘ra, odatda bu paytda parranda boshi kamayishi tabiiy. Tuxum narxi sohaga berilgan imtiyozlar sababli barqaror saqlanmoqda.

Top