11:35 / 23.05.2021
19289

Simeone va Suares bir-birini topdi. Ular «Atletiko»ni chempion qilishdi

Ikki aqldan ozgan janubiy amerikalik tarix yaratishdi.

Foto: Reuters

Ispaniya chempionati. Liga 1. 38-tur
«Valyadolid» — «Atletiko» — 1:2 (1:0)
Gollar: Oskar Plano, 18 (1:0). Korrea, 57 (1:1). Suares, 67 (1:2).
«Valyadolid»: Masip, Kiko Olivas, Olasa, Yanko (E.Peres, 82), Al-Yamiq, Mesa (Michel, 62), San Emeterio (Ervias, 82), Oskar Plano, Vilya (Gvardiola, 62), Vayssman, Markos Andre (Joau Filipe, 62).
«Atletiko»: Oblak, Tripper, Felipe, Ximenes, Ermoso (Lodi, 63), Koke, Saul (Joau Felish, 63), Lorente (Kondogbiya, 79), Suares, Ferreyra-Karrasko, Korrea (Errera, 85).
Ogohlantirishlar: Markos Andre, 55. El-Yamik, 70. Michel, 74. Joau Feliks, 78. San Emeterio, 78. Felipe, 83. Lodi, 87.
Hakam: Sanches Martines.
22 may. Valyadolid. «Xose Sorrilya» stadioni.

Ispaniyada o‘tgan mavsum shosha-pisha yakunlab qo‘yilgan vaqtda juda ko‘pchilik yangi mavsumda yetakchi klublar qanday holatda bo‘lishini, chempionat chinakamiga omon qolish uchun poygaga aylanishini tasavvur qila olmasdi. Pandemiya tufayli yangi mavsum odatdagidan ancha kech boshlandi va bu taqvim tig‘iz bo‘lishini talab etardi, yevrokubok o‘yinlarida esa turlar orasida avval bo‘lgani kabi ikki haftalik tanaffus yo‘q edi, terma jamoalar bir hafta ichida uchtadan o‘yin o‘tkazishdi.

Shunday ekan, Ispaniyaning yangi chempioni — xuddi Leonardo Di Kaprioga ilk «Oskar» keltirgan «Omon qolgan» filmi qahramoni kabidir. Bu estremal sharoitlarda kamroq yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ygan, bardoshli jamoa bo‘ldi. «Barselona» mojarolar botqog‘idan chiqishga va Ronald Kuman futboliga moslashishda davom etayotgan, «Real» esa o‘tgan mavsum chempionligidan sarmast holatda yangi mavsum uchun ishtiyoq topa olmayotgan paytda «Atletiko» ancha ilgarilab ketdi va bu Diyego Simeonening yetti yil oldingi triumfini ham eslatib yuborardi.

O‘shanda ham «matraschilar» raqiblaridagi inqirozli holatdan foydalanib qolgani haqida gapirishgandi. Ammo bu safar barcha bir xil sharoitda edi, garchi Zinedin Zidan o‘nlab jarohatlarni bahona qilishi mumkin bo‘lsa-da, «Atletiko»da ham muammolar bor edi.

Turli sabablar tufayli chiziqlarda futbolchilar yetishmasligi tufayli Simeone majburan uch markaziy himoyachilik sxemada o‘ynadi. Unda o‘ng qanotga tushirish uchun futbolchi qolmagan vaqtlar ham bo‘ldi va o‘yin natijalari uchun pul tikib, qoidalarni buzgani tufayli uzoq muddatga chetlatilgan Kiran Tripperning diskvalifikatsiyasi bekor qilingach, murabbiy yengil tin oldi. Simeone hujumchisiz qolgan vaqtlar bo‘ldi, ammo u Anxel Korreani hujum markaziga yubordi va bu futbolchi faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazdi.

Tayanch yarimhimoyachisi Markos Lorente hujumkor havbekka aylantirilishi esa butkul kutilmagan transformatsiya bo‘ldi. Aftidan, murabbiy «Real»ning ushbu tarbiyalanuvchisi «Enfild»da fenomenal overtaym namoyish etib, dubl hamda Alvaro Morataga golli uzatma qayd etgan holda «Liverpul»ni Chempionlar ligasi g‘olibligini saqlab qolish imkonidan mahrum qilganidan ilhomlangan.

O‘tgan mavsumning yakuniy qismida Lorente to‘liq hujumda o‘ynagan va bu vaqtincha porlashdek ko‘ringandi. Ammo butun chempionat davomida top-darajada o‘ynash — boshqa masala. Lorente 11 golli uzatma muallifi bo‘lib, chempionatning eng kreativ yarimhimoyachiga aylandi, u shuningdek, eng yaxshi assistentlar reytingida Yago Aspasdan keyin ikkinchi bo‘ldi. «Atletiko» havbekining qaysi yutug‘i zo‘rroq ekanini aniq aytib bo‘lmaydi: samarali paslarimi yoki urilgan gollarimi? Ehtimol, kim uchundir 12ta aniq zarba zo‘r ko‘rsatkich emasdir, ammo bu raqamlar — Lorentening avvalgi olti mavsumdagi natijasidan ikki barobar ko‘proq.

Ushbu havbek Madridning triumfal mavsumining asosiy qahramonlaridan ekaniga shubha yo‘q.

Yana bir tomonda — «gol urib bo‘lmas» Yan Oblak. Sloveniyalik darvozabon mart oyi oxirlarida «Alaves»ga qarshi o‘yinning (1:0) so‘nggi daqiqalarida penaltini qaytarishini oltin golga qiyoslash mumkin. Keyin may oyi boshida bu tarix «Elche»ga qarshi o‘yinda takrorlandi, Oblakning reputatsiyasi Fidelni vahimaga soldi.

Albatta, jamoaga omad ham hamroh bo‘ldi. Yuqoridagi vaziyatlardan katta g‘alabalar yaraldi, ammo chempionlikda omadning ulushi u qadar kattamas. «Atletiko»ning o‘zi omadning dumidan mahkam ushlab oldi. Finishdagi aql bovar qilmas intriga — jamoaning «xizmati». «Atletiko» chempionlik masalasini ancha avval hal qilib qo‘yishi ham mumkin edi, ammo fevral oyidan jamoa o‘yinida barqarorlik yo‘qoldi va bu «Barselona» hamda «Real»ga ham imkon taqdim etdi. Ammo hal qiluvchi pallalarda ko‘k-anorranglilar va qaymoqranglilar imillashdi, «matraschilar» esa qotil rejimini yoqishdi

So‘nggi turlardagi ikkita irodali g‘alaba — chempionlarga xos bo‘ldi. Bu o‘yinlarda Luis Suaresning g‘alaba keltirgan gollari — mavsumni bezadi.

Urugvaylik hujumchini «Barselona»dan haydab solishgandi, kataloniyaliklar xarajatlarni qisqartirishga majbur edi, ammo bu ushbu transfer xato bo‘lganini oqlay olmaydi. Ko‘k-anorranglilar jamoasi muxlislariga yillar davomida xursandchilik ulashib kelgan bu inson hurmat bilan xayrlashuvga sazovor edi. Yakunda Suares Simeonening chempionlik kokteyliga yetishmay turgan ingrediyent bo‘lib chiqdi.

«Atletiko» yozda tekinga keladigan hujumchi qidirgandi, ammo baribir Suares uchun 7 million yevro to‘lashga rozi bo‘lishdi. Urugvaylik hujumchi 27 sentabr kuni «Granada»ga qarshi o‘yinda debyut qildi. 70-daqiqada Kosta o‘rniga maydonga chiqib, 2 gol urib, yana bir golga uzatma berdi.

Suares Kosta bilan ajoyib juftlik bo‘lishi mumkin edi, ammo ispaniyalik hujumchi jarohat olib bir oyga safdan chiqdi, keyin formasini tiklay olmay, klub bilan shartnomani bekor qildi. Suares esa hujum chizig‘ida Felish bilan ham yaxshi tandem hosil qila oldi. Fevral oyiga kelib u la liga to‘purarlari poygasida 16 o‘yinda 14 gol urgan holda yetakchi edi, «Atletiko» esa eng yaqin ta'qibchisini 10 ochkoga ortda qoldirib ketgandi.

Bu yaxshi ma'nodagi «jinni» janubiy amerikaliklar bir-birini topishdi. Luisdan u hali superforvard ekanini isbotlash talab etilardi. Murabbiyga esa — bir necha omadsiz mavsumdan keyin chinakamiga katta muvaffaqiyat kerak edi. Yakunda urugvayli 32 o‘yinda 21 gol urdi, uning hal qiluvchi zarbalari jamoaga shuncha ochko keltirdi. U yana uch golga uzatma berdi va statistikaga ko‘ra, «matraschilar»ning har uchinchi goli uning ishtirokida bo‘ldi. U 37-turda «Osasuna»ga qarshi o‘yinda (2:1) o‘z vaqtida raqib jarima maydonida ochilib, hal qiluvchi golni urdi. U «Valyadolid»ga qarshi chempionlik o‘yinida darvozadan 50 metr masofada to‘pni egallab, uni darvozaga qadar olib bordi. Yanvar oyida 34 yoshga to‘lgan bu futbolchini o‘sha vaziyatda hech kim quvib yeta olmasdi.

Suares «Atletiko»ning 2015-16 yilgi mavsumdan keyin Antuan Grizmanndan ko‘ra ko‘proq gol urgan ilk forvardi bo‘ldi. Simeone o‘tgan vaqt mobaynida kerakli hujumchi qidirib yuzlab million yevro sarfladi. Jyekson Martines, Mario Manjukich, Nikola Kalinich, Lusiano Vetto, Kevin Gameyro - hujum markazida harakat qilgan bu futbolchilarning birortasi barqaror o‘yin namoyish eta olmagandi.

Simeone esa yana bir bor kuchli murabbiy ekanini isbotladi. Holbuki uning o‘rnida bo‘lganida istalgan murabbiy jamoadan ketib qolgan bo‘lardi. Chempionlar ligasida qatorasiga ikki mavsumda mag‘lubiyatdan keyin argentinalik mutaxassis yildan yilga «quloqli» sovrindan uzoqlasha bordi. Ispaniyada boshqalar dominionlik qilishdi, Simeone esa bir necha bor iste'fo yoqasiga keldi. Klubni Antuan Grizmann va Tomas Partey kabi yetakchilar tark etib ketishdi.

Ammo Simeone barchasini yengib o‘tdi va taktik jihatdan moslashuvchan «Atletiko»ni yaratdi. Bu jamoa endi o‘yin davomida bir necha marta sxema o‘zgartirib o‘ynashi mumkin, jamoa ushbu murabbiy davrida ilk bor mavsumda to‘pga egalik qilish bo‘yicha o‘rtacha bir o‘yinda 50 foizdan ortiq natija qayd etdi (o‘tgan mavsumda 47,1 foiz bo‘lgan, bu yil 51,8 foiz). Shu tufayli bu g‘alabani nafaqat jamoaning, balki Simeonening shaxsiy g‘alabasi deyish ham mumkin.

Mavzuga oid
Top