20:34 / 23.05.2021
52478

«Ulkan mexanizm ichiga kirib qolgan qum zarrasi». Peterburgdagi teraktda ayblangan Shohista Karimova haqida

2017 yildagi Sankt-Peterburg metrosidagi teraktda ayblanib, 20 yilga qamalgan O‘zbekiston fuqarosi Shohista Karimova ustidan hukm apellyatsiyada ko‘rilmoqda. Himoya tomoniga ko‘ra, ayolning teraktga mutlaqo aloqasi yo‘q, organ xodimlari uning sumkasiga bomba bo‘laklarini solib qo‘ygan.

Shohista Karimova / Foto: Petr Kovalev/TASS

2017 yil 3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosining «Sennaya ploshchad» va «Texnologicheskiy institut-2» bekatlari oralig‘ida harakatlangan poyezd vagonida portlash sodir bo‘lib, 14 kishi halok bo‘lgan edi.

Tergov, ushbu terakt ijrochisi – 1995 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan, millati o‘zbek, 2011 yilda Rossiya fuqaroligini olgan Akbarjon Jalilov, degan xulosaga kelgan.

Teraktga aloqadorlikda gumon qilinib, yana 8 kishi qo‘lga olingan. Ular orasida yagona ayol kishi – kafeda sabzavot yetkazib beruvchi bo‘lib ishlagan O‘zbekiston fuqarosi Shohista Karimova ham bor edi.

Tergovchilar uning uyidan F-1 granatasi detonatori va bomba detallari topilganini ma’lum qilgan.

Oradan ikki yarim yil o‘tib, 2019 yil dekabrida sud ushbu voqeada ayblangan 11 kishiga hukm o‘qidi – ularga 19 yillik qamoqdan umrbod qamoqqacha bo‘lgan jazolar tayinlandi. Shohista Karimovaga 20 yil berildi.

Sudlanganlardan hech biri o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olmagan.

Shohista Karimova

Karimovaga qo‘yilgan ayblov moddalari bir nechta xatboshidan iborat bo‘lsa-da, u bularning hech birini bo‘yniga olmagan. Shunga ko‘ra, ish apellyatsiyagacha yetib borgan va hukm hamon qonuniy kuchga kirgani yo‘q. Sudda prokuror unga muddat so‘raganida, Karimova hushidan ketgan. Televizorda hukm o‘qib eshittirilgan lavhada esa u jazavaga tushib, qichqirayotgan holida konvoyga olib ketilayotgandi.

Bundan 2 yil avval peterburglik 43 yoshli Yelena Babinseva ushbu videotasvirni ijtimoiy tarmoqda ko‘rib qoladi va undan qandaydir hislar o‘tadi. Shu lahzadan boshlab u Shohista Karimova taqdirining bir qismiga, Shohista Karimova esa uning taqdirining bir qismiga aylanadi.

Qolgan voqealar haqida Yelena Babinsevaning o‘zi News.ru saytida e’lon qilingan quyidagi monologida so‘zlab beradi.

Yelena Babinseva

Tanishuv

— Shohista bilan 2 yil avval yozisha boshladim. Hammasi o‘ta tasodifiy tarzda sodir bo‘ldi – kutilmaganda qafasda baqirayotgan ayol videosiga ko‘zim tushib qoldi. O‘shanda men sotsiopatlar, jumladan, ushbu voqealar va miyaning fiziologik xususiyatlari haqida juda ko‘p o‘qidim. Teraktga ketayotgan odam qanday bo‘lishi, ayol kishining bunday qilishiga nima sabab bo‘lishi mumkinligiga qiziqdim.

O‘sha vaqtlarda Facebook'dagi «Skazki dlya politzaklyuchyonnyx» («Siyosiy mahbuslar uchun ertaklar») sahifasini uchratib qoldim. Unda turmada odamlar qanday yozishishi mumkinligi haqida so‘z yuritilgandi. Ular bilan bog‘landim va ular menga Shohista bilan yozishuvni yo‘lga qo‘yishimda yordam berishdi.

Men: «Salom, Shohista, men Lenaman! Senga qandaydir yordam berishim mumkinmi?» deb yozdim. Yozishmalarimiz shu tarzda boshlandi. Amin bo‘ldimki, uning ruhiy barqarorligi menikidan ancha yaxshi ekan. Uning qimmatli sifati bor ekan – 50 yoshli, siyosatga qiziqmaydigan, xudojo‘y bo‘lmagan mutlaq oddiy inson. Uning ko‘plab oilaviy suratlarini tomosha qildim.

U qizini turmushga berishga pul to‘plash uchun Rossiyaga kelgan. O‘zi tikuvchilik bo‘yicha texnikumni bitirgan, butun hayoti davomida tikuvchilik qilgan. Erining zolimligidan u bilan ajrashgan. Ikki o‘g‘li va bir qizi bilan qolgan.

Oila dindor emas. Ha, ular bayramlarda to‘planib qandaydir marosimlar o‘tkazishgan, biroq bular milliy urf-odatga aylangan narsalar. Rossiyaga dastlab qurilishda ishlab pul topish uchun katta o‘g‘li kelgan, keyin navbati bilan oilaning qolgan a’zolari ham kelishgan. Hammasi oiladagi yakka-yu yagona qizga hashamatli to‘y o‘tkazib berish uchun.

Moskvaga kelgan Shohista kafega ishga joylashadi, kafening boshqa xizmatchilari bilan bir kvartirada bir yil davomida yashaydi. Arsenalkadagi 5-sonli tergov izolyatoriga olib kelishmaguncha u hech qachon Sankt-Peterburgda bo‘lmagan. Bu ayollar va bolalar izolyatori.

U qamoqqa tushganida, Putinga xat yozishni boshladi, unga Rossiya katta og‘a, u bilan sodir bo‘layotgan narsalar esa – ba’zi organlarning mayda xodimlari tomonidan qilinayotgan «podstava»dek tuyulardi. Keyin men undan hammasi qanday bo‘lganini so‘radim, bu ish haqida juda ko‘p narsalarni o‘rgandim va tushuna boshladim.

U shu darajada sodda bo‘lganidan, deyarli hech narsani tushunmagan

— Shohista sensor emas, bosqichli telefon ishlatgan. Uning oldiga kafeda birga ishlaydigan xizmatchi kelib, go‘yoki o‘z sim-kartasini faollashtirish uchun uning telefonini so‘rab turgan. Keyinchalik unga nisbatan barcha ayblovlar mana shuning ustiga qurilgan – uning telefoni teraktni tashkil etishda ishlatilgan. Tintuv boshlangan. U politsiya doimgiday «soqqasini» olgani keldi, deb o‘ylagan. Unga xonadan chiqib turishni aytishgan, u chiqib turgan. Keyin uni xonaga chaqirishadi. Qaytib kirganida uning sumkasini ag‘darishadi – sumkadan qurol bo‘laklari chiqadi. Keyin unga ushbu bo‘laklarni qo‘liga olishni va sochiga ishqalashni buyurishadi, u bajaradi. Shu bilan unga qurolni noqonuniy saqlaganlik moddasi qo‘yiladi.

Hatto u kamerada o‘tirgan vaqtida ham uni aldab, boshqa ayblanuvchilarga qarshi ko‘rsatmalar olishgan. U hech narsani tushunmaydigan shu darajada sodda odam bo‘lgan. Mana endi bu narsalarga yaxshi tushunib qolgan.

Uni kameraga uloqtirishadi, ovqat, gigiyena vositalari berishmaydi. Tarjimon hujjatlarni rasvo o‘girgan, sud davomida u deyarli hech narsani tushunmagan. U ana endi yaxshi advokatga yolchidi. Uni nima uchun sud qilishayotganini endi-endi tushuna boshladi.

Tergov izolyatori – shafqatsiz joy

— Advokat menga hukmni berdi – u 100 betdan oshiq edi. Agar siz uni o‘qisangiz, juda ko‘p narsalarni tushunib olasiz. Men otam onkologik kasallik bilan kasalxonaga tushib, unga tashxis qo‘yishni rad qilishganidan so‘ng vafot etganida sud tizimi bilan to‘qnash kelgandim. 3 yil Tergov qo‘mitasi bilan muloqot qilganman. Bu tajriba Shohistaning aybsiz ekaniga ishonishimga turtki bo‘ldi. Uning ishidagi ekspertizani otamning ishidagi ayni o‘sha patologanatom o‘tkazgan, shu bois menda o‘ziga xos pazl hosil bo‘ldi.

Advokatlarning apellyatsion arizalarini o‘qiganimdan so‘ng, ishonch bilan ayta olamanki, men turmada turib, bir to‘da odamlarni maftun qilgan Tom Bandiga emas, beayb odamga yozyapman. Men hech qachon odamlarning gapiga qarab ishonib ketavermayman.

U hech narsadan shikoyat qilmayapti – kamerada tish pastasi, qaynatilgan suv yo‘q, qolganlari haqida aytmasa ham bo‘ladi. Sovun ham yo‘q. Lekin u sukut saqlaydi. Qachonki, pichoq suyakka borgandagina baqiradi. Bu muammolarni biz u bilan hal qildik.

5-sonli tergov izolyatori – qo‘rqinchli joy. U Peterburg markazida joylashgan. Izolyatorga kelish va narsa berib yuborish axloqli odam uchun ma’naviy qiynoqqa o‘xshaydi – hamma xuddi sen jinoyatchi qarindoshingning oldiga kelganday qarab turadi. Xuddiki, sen bu ishing bilan bulg‘anib qoladiganday. Uyoqqa esa odatda, fohisha, narkoman, talonchi, maishiy qotil kabi qarindoshlarni ko‘rgani borishadi. Lekin sen sudlanganlarga yordam berayotganing vaji bilan o‘zingni tinchlantirasan.

Bir tomondan, izolyatorning shafqatsizligiga guvoh bo‘laman, boshqa tomondan, FSIN (Federalnaya slujba ispolneniya nakazaniy – Jazoni ijro etish federal xizmati)da ishlovchi kompyuterchilardan minnatdorman, ular ajoyib insonlar. Ichkaridagilar bilan yozishishga mo‘ljallangan «FSIN-pismo» dasturi uchun, garchi senzura bilan ishlasa-da, minnatdorchilik bildiraman. Mening Shohista bilan yozishmamda 100dan oshiq xatlar bor. Yozishmamizda asosan, she’rlar, kameradoshlar haqida hikoyalar o‘rin olgan. Men qarindoshlarim haqida so‘zlab berib, uni chalg‘itishga harakat qilaman.

O‘zbek diasporasidan yordam bo‘lmadi

— U ushbu dahshatli stressni unutishga harakat qildi. U bilan muloqotimizning dastlabki vaqtlarida ruschada juda yomon yozardi.Shohista maktabda ruschani oz-moz o‘rgangan, bolalari esa umuman bilishmasdi. Shuning uchun uning 20 yoshli o‘g‘li Sardorbekka onasi bilan «FSIN-pismo»da yozishishi uchun rus tilini o‘rgatdim. Uning o‘zi Moskvada yashaydi. Ruschada juda ham yomon gapiradi, unga men bilan gaplashishdan ko‘ra, telefonda yozishish osonroq, juda ko‘rkam yigit, onasini yaxshi ko‘radi. Umuman, ularning oilasi juda ham ahil.

Men Shohista va o‘g‘li o‘rtasida 2 marta uchrashuv tashkillashtirdim. Onasi bilan yozishishi uchun noutbuk olib berdim. Shohistaning qizi O‘zbekistonda turmushga chiqdi, lekin boshqalarning gap-so‘zidan qo‘rqib, onasi bilan muloqot qilolmaydi. U yerda patriarxal jamiyat chuqur ildiz otgan.

Diasporadan yordam nol bo‘ldi. Advokatning u yerga 2 marta borib kelishi besamar ketdi. Qolgan jamoatchilikda ham «ajoyib» munosabat bo‘ldi: «Ularga Rossiyaga kelib nima bor edi», «Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi». Hech kim 111 betli hukmni o‘qib, vaqt ketkazishni xohlamaydi.

Shohistaga Moskva, Germaniya va boshqa joylardan 20 chog‘li odam yozib turadi.

O‘zimni aktivist deb hisoblamayman

— Ma’lumotim bo‘yicha biologiya o‘qituvchisiman. Iqtisodchi mutaxassisligim ham bor, Gersen universitetini tamomlaganman. Ozroq vaqt o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman, lekin deyarli butun hayotim davomida savdo, marketing sohasida ishlaganman – oyoq kiyimdan tortib bir necha millionli nusxa ko‘chirish apparatigacha nima to‘g‘ri kelsa, hammasini sotishim mumkin.

Maktabda ishlash ma’nan og‘ir – direktorlarning ahmoqligi, saylovlarda qatnashish va boshqalar. Iqtisodchi esa bugun deyarli muxolifatchi maqomida. Asosiy ishim taqozosi bilan ruhiyatga oid ko‘plab kitoblar o‘qiyman, siyosat yoki jamoatchilik hayoti bilan esa hech qachon to‘qnash kelmaganman. «Aktivist» so‘zini esa umuman ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Bungacha hayotimdagi eng katta ijtimoiy ahamiyatli ishim – bu menimcha o‘sha vaqtda urush bo‘layotgan Donetskka, it olish uchun uy hayvonlari boshpanasiga borganim bo‘lgan. Qiziq tajriba – odatiy hayot va jimjitlik uyg‘unligi. Odatda, vaqti vaqti bilan mushukchalar va kuchuklar hayotini saqlab qolaman.

O‘zbek ayollarini tashqi ko‘rinishiga qarab boshqalardan ajrata oladigan bo‘ldim

— Bu – mening so‘nggi ikki yil davomida orttirgan ko‘nikmam bo‘ldi. Ilgari men uchun barcha janubiy xalqlar bir xil tuyulardi, endi esa ularni farqlay olaman. Bozorga borib, sotuvchi ayoldan u qayerlik ekanini so‘raydigan odat chiqardim. Agar karantin bo‘lmaganda, men O‘zbekistonga, uning onasining oldiga borgan bo‘lardim. Uning onasi 90 yoshda. Kampirga qizi bilan sodir bo‘lgan voqealar haqida uzoq vaqt aytishmagan, men hozir ham uning Shohista nima uchun hibsda ekanini tushuna olishiga ishonmayman.

U bilan hech qachon shaxsan uchrashmagan bo‘lsam ham, u menga opaday bo‘lib qoldi. Men uning iztiroblarini o‘zimnikidek qabul qilaman. Buning ortidan so‘nggi ikki yilda sog‘lig‘im ham yomonlashdi. Har safar xat yozishga o‘tirganimda, har bir xat sog‘lig‘imning va umrimning bir qismini yulib ketganday bo‘ladi. Bu haqiqat.

Men sovuqqon odamman, hatto uning turmada qolishiga ham ruhan tayyorman. Uni qaysi koloniyaga o‘tkaza olishim mumkinligini ham o‘ylab ko‘rganman. Unga pul va boshqa narsalar jo‘natishga tayyor odamlar ham bor. Shunchaki, uning yashab qolishiga ishonchim komil emas. U bemor ayol, uning qon ketishi va tushunarsiz nevrologik kasalliklari bor. Turmada esa infeksiya va sil ham bor. U janub odami, 2 yildan beri ovqatlanishi cheklangan – u yerda vitaminlarsiz, yomon ovqatlantirishadi. Dori va vitaminlar jo‘natay desam, hozir mumkinmas.

Protsessning borishi optimizmga asos qoldirmayapti...

— Agar apellyatsiyadan keyin u birdan ozodlikka chiqib qolsa, nima qilgan bo‘lardim? Shunday bo‘lsa, juda ajoyib ish bo‘lardi. Balki, hozir advokatlar qattiq ter to‘kayotgandir, biroq mening nazarimda dalillar yetarli emasday. Uning sumkasidan chiqqan narsalarni qanday yo‘qotish mumkin? Ular buni o‘zlari solib qo‘yganini aytishmaydi-ku. Yurtimizda bo‘layotgan jarayonlar – bu ulkan shesternalar. Ularning orasiga bu ayol qum zarrasi singari kirib qoldi.

Yana bir ehtimol shuki, uni O‘zbekiston jazoni o‘z hududida o‘tash uchun olib ketadi, bu unga qulayroq bo‘lardi. Lekin O‘zbekiston bu ishga hech qanday qiziqish bildirmadi. Protsessning borishi ham nekbinlikka berilishga asos qoldirmayapti.

U ozodlikka chiqsa, nima qilaman? O‘zbekistonga yo‘l olaman, osh yegani boraman. Oilaviy do‘stlashamiz.

Men Shohista bilan aloqamdan so‘ng o‘zgarib qolmadim. Shunchaki, ko‘proq tushunishni boshladim. Menda jamiyatimiz haqida hech qanday illyuziya yo‘q. U bilan sodir bo‘lgan narsalar istalgan odam bilan bo‘lishi mumkin. Men bo‘lganimda ham xuddi unga o‘xshatib unutib yuborgan bo‘lishardi. U nimaga umid qilayotganini bilmadim. Menimcha, nimagadir umid qilyapti. Men ham.

Top