08:30 / 24.05.2021
14469

Abdulla Aripov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi

Bugun, 24 may kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 60 yoshga to‘ldi. 

O‘zbekiston prezidentining farmoniga muvofiq, davlat idoralaridagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash va iqtisodiy qudratini yuksaltirish, muhim strategik loyihalarni hayotga tatbiq qilish borasidagi ulkan xizmatlari, ibratli faoliyati hamda tavalludining 60 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

Abdulla Aripov 1961 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, ma'lumoti – oliy. U 1983 yilda Toshkent Aloqa elektrotexnika institutini tamomlagan. 

1983-1992 yillarda Toshkent telefon-telegraf stansiyasida 1-toifali muhandis sifatida faoliyat yuritgan. 1992-1993 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligida bosh mutaxassis, 1993-1995 yillarda «O‘zimpeksaloka» tashqi savdo firmasining direktor o‘rinbosari vazifasida ishlagan.

1995 yilda O‘zbekiston Aloqa vazirligining qurilish va ta'minot bo‘limi rahbari bo‘lgan. 1995-1996 yillarda «TashAfinalAL» QKning bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan. Shu yillar mobaynida, O‘zbekiston Aloqa vazirligi xususiylashtirish va raqobatni kuchaytirish bo‘limini ham boshqargan. 

1997 yilda O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiya agentligi bozor islohotlari va qimmatli qog‘ozlar bo‘limi rahbari bo‘lgan. 1997-2000 yillarda, Pochta va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish Davlat fondini ham boshqargan. 

2000-2001 yillarda O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiya agentligi direktori o‘rinbosari, 2001 yil 15 avgustdan agentlik bosh direktori lavozimida ishlagan. 2002 yil 30 mayida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan. U aloqa va axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari masalalari bilan shug‘ullangan. Shu bilan birga, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori hisoblangan. 

2005 yil 4 fevralida o‘z lavozimlariga qayta tasdiqlangan. 2009 yil oktyabridan boshlab ijtimoiy soha, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat sohalariga doir masalalar bilan ham shug‘ullangan hamda MDH mamlakatlaridagi hamkorlar bilan aloqalarga javob bergan. 

2012 yil avgustidan bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan olingan, ammo ayni vaqtda Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar majmuasida rahbarlik qilishda davom etgan. 

2016 yil sentyabridan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari sifatida tayinlangan va yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari bilan shug‘ullanish ishonib topshirilgan. 

2016 yil 12 dekabrida O‘zLiDeP partiyasi tomonidan bosh vazirlik lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan. 

Abdulla Aripov  iqtisod fanlari nomzodi ilmiy unvoniga ham ega. «Do‘stlik» va «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan mukofotlangan. 

Mavzuga oid
Top