22:14 / 24.05.2021
14129
«Davlat qaroqchiligi». G‘arb Minskdagi voqeaga qanday javob bermoqda?

G‘arbdagi siyosatchilar Ryanair aviakompaniyasining bortida muxolifatchi jurnalist Roman Protasevich bo‘lgan samolyoti Minskka majburan qo‘ndirilganini keskin qoralamoqda. Bildirilayotgan takliflar qatorida Belarus bilan har qanday aviaqatnovlarni to‘xtatish ham bor. airBaltic aviakompaniyasi ushbu mamlakat ustidan uchishni to‘xtatgan. OAVda qo‘shimcha sanksiyalar ham joriy etilishi haqida yozishmoqda. Kreml hozircha vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bermayapti.

23 may kuni Afinadan Vilnyusga reysni amalga oshirgan Ryanair aviakompaniyasi samolyoti bortda mina joylashtirilgani haqidagi yolg‘on signal tufayli dispetcher tomonidan Minsk aeroportiga yo‘naltirildi. Samolyotga qo‘nguniga qadar MiG-29 qiruvchisi hamrohlik qilib bordi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, YeIning ayrim yetakchi siyosatchilari buni samolyot o‘g‘irlanishi deb atamoqda. Aeroportda Protasevich va uning sevgan qizi - Rossiya fuqarosi bo‘lgan Sofiya Sapega qo‘lga olingan.

26 yoshli Protasevich - muxolifatchilarning birinchi raqamli resursiga aylangan, Belarus hukumati tomonidan ekstremistik tashkilot deb e'lon qilingan Nexta telegram-kanali asoschilaridan biridir. Belarusda jurnalistga qarshi uch modda bo‘yicha jinoiy ish ochilgan, ulardan biri bo‘yicha 15 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u samolyotdaligida Belarusda o‘ziga o‘lim jazosi tahdid solayotgani haqida gapirgan.

Flightradar24.com sayti ma'lumotlariga ko‘ra, samolyot Litva havo kengliklariga kirishiga ikki daqiqa qolganida Minskka tomon yo‘naltirilgan. Uning yo‘lovchilari Minsk aeroportida yetti soat o‘tkazilgach, parvozni davom ettirish uchun qo‘yib yuborilgan, reys Vilnyusga - olti nafar yo‘lovchini Minskda qoldirib uchgan.

Aeroportda samolyotni Litva bosh vaziri Ingrida Shimonite qarshi oldi. «Bu o‘xshashi yo‘q vaziyat jiddiy tekshiruvlarni talab etadi», - dedi u.

Ryanair Minskka qo‘nishni Belarus hukumati talab qilganini tasdiqlagan. «Reys ekipaji Belarus havo harakati boshqarmasi tomonidan bortda xavfsizlikka potensial tahdid borligi haqida ogohlantirildi va bortni eng yaqin aeroport — Minskka yo‘naltirish haqida ko‘rsatma oldi», deyiladi bayonotda.

Ryanair rahbari Maykl O'Liri Irlandiya radiosiga bergan intervyusida, uning kompaniyasi samolyoti Belarus hukumati tomonidan to‘xtatilishini davlat qaroqchiligi akti deb atadi.

«Ko‘rinib turibdiki, hukumatning maqsadi samolyotdan jurnalist va uning hamrohini tushirib qoldirish bo‘lgan... Biz bortdan [Belarus] KGBning bir necha agentlari ham tushib qolgan deb hisoblaymiz», degan Ryanair ijrochi direktori.

Belarusdagi davlat nashrlari esa uchuvchilarning o‘zi Minsk aeroportiga qo‘nishni so‘rashgani haqidagi versiyani aytishda davom etishmoqda. BeLTA agentligi prezident Aleksandr Lukashenko harbiylarga Ryanair samolyotini qo‘riqlab borish bo‘yicha shaxsan topshiriq bergani haqida yozgan.

Belarusning ONT telekanali dispetcherning Ryanair reysi ekipaji bilan suhbati sifatida audioyozuvni taqdim etdi. Uning birinchi parchasida aeroport xavfsizlik xizmati (aynan qaysi aeroportligiga aniqlik kiritilmagan) elektron pochtasiga Afinadan Vilnyusga uchayotgan samolyot bortida portlovchi qurilma borligi haqida xabar kelgani aytiladi. Ikkinchi yozuvda esa reys ekipaji Minskka qo‘nish haqida mustaqil qaror qabul qilgani keltiriladi.

Dushanba kuni Belarus transport vazirligi vaziyatni tekshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgani va «yaqin vaqtlar ichida barcha ma'lumotlar e'lon qilinishi»ni bildirgan.

«YeIning qat'iyatsizligi zaiflik sifatida ko‘riladi»
Samolyot majburan qo‘ndirilishi Yevropa Ittifoqi bo‘ylab, xususan, Germaniya, Fransiya, Polsha va samolyot uchib ketgan Gretsiya tomonidan birdek qoralandi. «Blumberg» agentligining yozishicha, bu mamlakatlar Minsk bilan munosabatlarda sanksiyalar joriy etishi kutilmoqda.

Yevropaning qator rasmiy shaxslari ham Belarusga yangi sanksiyalar bilan tahdid qilishgan, Reuters agentligining yozishicha, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken esa samolyot majburan qo‘ndirilishi va jurnalist hibsga olinishini shokka soluvchi akt deb atagan, Protasevichni zudlik bilan ozod etishni talab qilgan. U AQSh YeIdagi hamkorlar, Litva va Gretsiya rasmiylari bilan Ryanair samolyotining Belarusga qo‘ndirilgani yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

«Mazkur holatda samolyot favqulodda qo‘ndirishga majburlanganini inobatga olib, Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkilotini mazkur o‘ylanmay qilingan harakat yuzasidan tezkor tarzda yig‘ilish o‘tkazishga va mazkur vaziyatlar yuzasidan taftish boshlashga chaqiramiz, bunda ularga amaliy ko‘mak berishga tayyorligimizni bildiramiz», degan AQSh davlat departamenti rahbari.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda NATO va YeI bo‘yicha ittifoqchilarni Belarus rejimi tomonidan xalqaro fuqarolik aviatsiyasiga solinayotgan tahdidga qarshi zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirdi.

O‘z navbatida, Litva prokuraturasi vakili Elyana Martinonenening xabar qilishicha, mamlakat bosh prokuraturasi samolyotni terrorchilik maqsadlarida olib qochish va odamlarga nisbatan xalqaro huquq normalariga zid ravishda muomala qilingani fakti yuzasidan sudga qadar harakatlari boshlagan.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Ryanair aviakompaniyasi samolyotini Minskka majburan qo‘ndirish holati bo‘yicha aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.  Uning ma'lum qilishicha, samolyot bilan bog‘liq voqea Yevroittifoq sammiti kun tartibiga kiritilgan. Bu masala dushanba kuniyoq, forum ishining birinchi kunida muhokama qilinadi. 

Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel hodisa «oqibatlarsiz qolmasligi»ni ta'kidladi. Ehtimoliy variantlar orasida — Belarus havo kengliklaridan o‘tadigan parvozlarni taqiqlash, Belavia aviakompaniyasining Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aeroportlariga uchishini taqiqlash, shuningdek, samolyot bilan bog‘liq hodisaga aloqador odamlarga qarshi shaxsiy sanksiyalar bor. airBaltic aviakompaniyasi parvozlar Belarus hududi osmonidan o‘tmasligi uchun allaqachon ularning yo‘nalishini o‘zgartirishni boshladi.

AQSh Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, prezident Jo Baydenning ma'muriyati sheriklar bilan Belarus hukumatiga nisbatan kelgusida qanday qadamlar tashlanishini muvofiqlashtirmoqda. Uning bayonotida, yo‘lovchi samolyotga hamrohlik uchun harbiy aviatsiya qo‘llangani jiddiy xavotirga solishi hamda tekshiruv o‘tkazishni talab qilishi qayd etilgan.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg tvitteri orqali hodisa jiddiyligi va xalqaro tekshiruvni talab qilishi haqida yozdi. 

Irlandiya tashqi ishlar vaziri Saymon Kovni (Ryanair aviakompaniyasi aynan shu mamlakatda joylashgan) esa shunday dedi: «YeIning harakatsizligi yoki qat'iyatsizligini Belarusdagilar zaiflik sifatida qabul qilishadi».

Yangi sanksiyalar va parvozlarga taqiqlar bo‘ladimi?
O‘tgan yilda Belarusda Aleksandr Lukashenko hokimiyatiga qarshi keng ko‘lamli namoyishlardan keyin AQSh, YeI, Britaniya va Kanada rejimning vakillariga qarshi sanksiyalar joriy etgandi. Bunday choralar belaruslik qariyb 90 nafar amaldorga, jumladan, Lukashenkoga ham taalluqli edi.

«Majburlash aktini amalga oshirgan holda Belarus hukumati yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligini xavf ostiga qo‘ydi», dedi dushanba kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel.

«Blumberg» ma'lumotiga ko‘ra, dushanba kuni Bryusselda boshlanadigan sammitda ehtimoliy sanksiyalar muhokama qilinadi va uning yakuniga ko‘ra jismoniy va yuridik shaxslar sanksiyaga uchrashi, YeIning barcha aviakompaniyalari Belarus ustidan parvoz qilishni to‘xtatishi hamda «Belavia» aviakompaniyasiga Yevropa aeroportlariga qo‘nish taqiqlanishi mumkin.

Bundan tashqari, agentlikning yozishicha, tranzit butunlay (quruqlik orqali ham) to‘xtatilishi mumkin. Bu qadamlar Ryanair samolyoti bilan ro‘y bergan hodisaga qadar ishlab chiqilayotgan va keyingi oyda taqdim etilishi mo‘ljallangan sanksiyalar paketini to‘ldiradi.

AQSh Senatining xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Bob Menendes Belarusga parvozlar to‘xtatilishini yoqlab chiqdi.

Menendes va Yevropaning yetti davlati parlamentlarining xorijiy ishlar bo‘yicha qo‘mitalari rahbarlari (Litva va Britaniya ham) qo‘shma bayonot berib, yo‘lovchi samolyot majburan Minskka qo‘ndirilishini qaroqchilik akti deb baholashdi.

Bayonot mualliflari Belarus ustidan har qanday uchishlarni, jumladan, ushbu mamlakatga va ushbu mamlakatdan reyslarni taqiqlashga chaqirdi, shuningdek, NATO va YeI rahbariyatiga qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llash taklifi bilan murojaat qilindi. Blinken Belarus hukumatining harakatlarini to‘liq tergov qilishni talab qildi, uning fikricha, bu harakatlar yo‘lovchilar hayotiga, shu jumladan, AQSh fuqarolari hayotiga tahdid bo‘lgan.

Latviyaning airBaltic aviakompaniyasi bundan buyon Belarus ustidan uchmaydi. Bu haqda Latviya axborot vaziri Talis Linkayts ma'lum qildi. Vengriyaning Wizz Air loukosteri ham Belarus havo kengliklarini chetlab o‘tmoqda. Rosaviatsiya matbuot xizmati xabar qilishicha, Rossiya aviakompaniyalari Belarusga kirish va chiqish parvozlarini davom ettirmoqda. Ryanair samolyotlari ham mamlakat ustidan uchishda davom etmoqda.

«Belaeronavigatsiya» davlat kompaniyasi vakili «Interfaks» uchun bergan intervyusida alohida aviatashuvchilar mamlakatni aylanib uchayotgan bo‘lsa-da, Belarus havo kengliklarida barqaror aviatrafik saqlanayotganini ma'lum qilgan: «Katta vizual o‘zgarish yo‘q... Ayrim kompaniyalar Belarusni aylanib uchmoqda, ammo bu odatiy vaziyat, kompaniyalar marshrutlarni mustaqil tarzda o‘zgartirishlari mumkin. Umuman aytganda, ular butunlay Belarusni aylanib o‘tishni boshladi deb ayta olmayman».

AQSh Davlat kotibi Fuqarolik aviatsiyasi xalqaro tashkilotining (ICAO) yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirdi. Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya tashkilotni Belarusni tashkilotdan chiqarib tashlashga chaqirdi, ICAO esa tashkilot bu hodisa fuqarolik aviatsiyasi faoliyatining tamoyillari belgilab berilgan Chikago konvensiyasi buzilishi bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Belarus TIV ehtimoliy sanksiyalar bo‘yicha xabarlarga munosabat bildirdi. «Bir qator mamlakatlar va Yevropadagi tuzilmalar dushmanona bayonotlar berishga shoshilayotgani hayratlanarli. Vaziyat to‘g‘ridan to‘g‘ri keskinlashmoqda. Hech qanday xolislikka intilish ko‘rinmaydi. Buning o‘rniga yana sanksiyalar haqidagi shiorlar yangramoqda», deya vazirlik vakili Anatoliy Glazning so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.

Moskvaning reaksiyasi
Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova G‘arb davlatlarining Ryanair reysi bo‘yicha berayotgan baholariga qo‘shilmasligini bildirgan.

«G‘arb Belarus havo kengliklarida ro‘y bergan hodisani «shokka tushiruvchi» deb atayotganidan shokka tushmoqdaman. Yoki barcha holatlardan shokka tushish kerak: AQSh so‘rovi bilan Boliviya prezidenti samolyoti Avstriyada majburan qo‘ndirilishidan ham, Ukrainada Belarus samolyoti parvozdan 11 daqiqa o‘tib ortga qaytarilishi va «Antimaydan» faoli bortdan tushirib qoldirilishidan ham. Yoki shu kabi boshqa holatlarning hech biridan shokka tushmaslik kerak», deya yozdi u feysbukdagi sahifasida.

«Biz ushbu vaziyatni shoshilmasdan, mavjud barcha ma'lumotlar asosida baholash tarafdorimiz», deya ma'lum qilgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Kreml matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov jurnalistlarning savollariga aviatsiya vakillari javob berishi kerakligini aytdi. «Hozirdan aytishim mumkin, men Ryanair samolyoti bo‘yicha hech qanday izoh bermayman. Ma'lum xalqaro aviatsiya qoidalari mavjud va bu o‘rinda aynan xalqaro aviatsiya hukumati o‘z bahosini berishi kerak», deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kremlda Protasevich bilan birga qo‘lga olingan rossiyalik Sapega haqida «hech qanday ma'lumot yo‘q». U Minskdan Vilnyusga Rossiyaning to‘rt fuqarosi uchmagani haqidagi savolga shunday javob qaytardi: «Biz kimlar uchgani, qayerdan uchgani haqidagi ma'lumotlarga ega emasmiz». Bortda rossiyalik josuslar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminga esa u shunday javob berdi: «Bu men eng oxirgi bo‘lib izoh berishim mumkin bo‘lgan gap».

BBC monitoring xizmati xabariga ko‘ra, Rossiyadagi davlat telekanallari Minskning harakatlarini oqlashga urinmoqda va 2013 yilda Boliviyaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Evo Moralesning samolyoti Avstriyaga majburan qo‘ngani bilan parallel o‘tkazilmoqda. Telekanallar Belarus hukumatining rasmiy versiyasini ifoda etishmoqda.

AQShning Yevropadagi qurolli kuchlarining sobiq qo‘mondoni Ben Hojyes Reuters uchun bergan intervyusida Belarus armiyasining havo hujumidan mudofaa tizimi rossiyaliklarniki bilan chambarchas bog‘langaniga e'tibor qaratgan.

«Agar Belarus havo kengliklarida nimadir bo‘lsa, Kreml, yoki hech bo‘lmasa Rossiya qurolli kuchlari bundan bexabar bo‘lishi mumkin emas», degan Ben Hojyes.

Mavzu
Afina-Vilnyus reysi mojarosi
Minskda Nexta muxolifatchi Telegram-kanali sobiq muharriri Roman Protasevich qo‘lga olindi. U uchayotgan samolyot bomba haqidagi xabar tufayli Belarusga favqulodda qo‘ndirildi. Qo‘nish haqidagi qarorni Lukashenkoning shaxsan o‘zi «Yevropani himoya qilish» uchun qabul qilgan
Barchasi
Top