11:46 / 24.05.2021
18574

KUN.UZ’ga video jo‘nating va pul mukofotiga ega bo‘ling - muxlislar uchun tanlov

KUN.UZ sayti o‘z mushtariylarini ijodiy hamkorlikka chorlaydi. Buning uchun o‘z mobil telefoningizda tushirilgan video va foto materiallarni Telegram messenjerida @kunuzvideo_bot orqali tahririyatga jo‘natishingiz mumkin.

Quyida KUN.UZ tahririyatiga jo‘natiladigan video va fotolar qanday tushirilishi va jo‘natilishi kerakligi borasidagi ayrim savollarga javoblar keltiriladi.

1-SAVOL: KUN.UZga qanday video va fotolarni jo‘natsa bo‘ladi?

1. Aytaylik, siz biror kutilmagan hodisaga duch keldingiz. Boshqalarga noqulaylik tug‘dirmaydigan bo‘lsa, uni tasvirga oling.

2. Tabiiy ofatlar (sel, toshqin, do‘l va hokazo) va ko‘pchilikka zarari tekkan baxsiz hodisalar (yong‘in va h.k.)ni jo‘natishingiz mumkin (Dahshatli avtohalokatlarni tushirish va jo‘natish tavsiya etilmaydi).

3. Tezroq bartaraf etilishi ko‘pchilikka foydali bo‘lgan texnogen hodisalar (avtoyo‘llardagi yo‘l cho‘kishi, quvurlarning yorilishi va hokazo) kabilarni jo‘nating.

Video yo foto muallifi o‘zingiz yoki siz shaxsan taniydigan yaqinlaringiz bo‘lishi mumkin. Ya'ni video va fotomaterial «toza» va ishonchli bo‘lishi shart. Video boshqa kanallardan yoki ijtimoiy tarmoqlardan olingan, ustiga turli kanallarning reklamasi yoki logosi qo‘yilgan bo‘lsa — materialdan foydalanilmaydi.

2-SAVOL: Qanday tasvirga tushirish kerak?

1. Tasvirga olishda telefonni qiyshaytirmasdan, uni tik yoki yotiq holda ushlab, s'yomka qilish kerak bo‘ladi.

Telefonda tasvir olish usullari

2.  Kadrlarni qimirlatmasdan, shoshmasdan sokinlik bilan olish kerak.

2. Videotasvir sifatli bo‘lishiga e'tibor qarating. Imkon qadar botga uni video emas, fayl shaklida yuklang.

4. Videoni tushirishda muallif nima bo‘layotganini tushuntirib sharhlashi ham mumkin. Faqat uyatli so‘zlardan foydalanmaslik kerak.

5. Agar eplay olsangiz, bo‘layotgan voqea ishtirokchilaridan fikr so‘rash ham mumkin. Bu esa jo‘natgan videongiz e'lon qilinishi imkoniyatini keskin oshiradi.

6. Video xronometraji uzun bo‘lmasligi lozim. Eng kamida 20 soniya (sekund) va ko‘pi bilan 3 daqiqa (minut) bo‘lishi talab etiladi.

‼️ Unutmaslik kerakki, videomaterial eng avvalo sifatli s'yomka qilinishi kerak.

Kadrda yorug‘lik o‘ynamasligi uchun, tasvirga olishdan avval telefoningiz ekraniga barmog‘ingizni bosib turib, avtofokus va ekspozitsiyani qotiring. Ovoz yaxshi yozilishi kerak. Kadrlar qiyshiq tushirilgan va keskin almashmasligi lozim.

Avtofokus va ekspozitsiyani qotirish

3-SAVOL: Videoni qanday qilib jo‘natish kerak?

1. Tushirilgan videolar va fotolar faqat @kunuzvideo_bot orqali jo‘natiladi va qabul qilinadi.

2. Botda siz bilan aloqa qilib turishimiz uchun savollarga imkon qadar aniq javob berishingiz kerak. Agar videoning o‘zida tasvirlanayotgan voqeaga og‘zaki izoh bo‘lmasa, mumkin qadar izohni bot orqali yozma ravishda ifodalang.

Yuborilayotgan fotolarda nimalar va kimlar tasvirlangani, voqeaga izoh bo‘lishi shart.

3. Agar siz uchun bu muhim bo‘lsa — anonimlik ta'minlanadi. Ya'ni o‘zingiz yuborgan video tufayli sizga qandaydir bosim uyushtirilishi mumkin bo‘lsa — shaxsingizni oshkor etmaslikni talab qilishingiz mumkin (Bu ayniqsa kadrda tasvirlangan shaxslarga intizomiy, ma'muriy yoki jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan videotasvirlarga tegishli).

4-SAVOL: Video va fotolarga qanday pul to‘lanadi?

1. Video dastlab Kun.uz’ning o‘sha viloyatga tegishli hududiy telegram kanalida va TikTok ijtimoiy tarmog‘ida montaj qilib uzatiladi. Kanalda e'lon qilingan videolarning har biri uchun oy yakunlariga ko‘ra 50 ming so‘m to‘lab beriladi.

(Xorijdagi yurtdoshlarimiz ham video jo‘natishlari mumkin. Agar video ma'qul topilsa va e'lon qilinsa, to‘lov ularning O‘zbekistondagi banklardan birida ochilgan (UzCard yoki Humo) kartasiga yoki u tavsiya qilgan shaxsning kartasiga o‘tkazib beriladi).

2. Oy yakuniga ko‘ra mahalliy kanalda eng ko‘p ko‘rilgan va eng ko‘p ulashilgan uchta videomaterialning har biri uchun yana qo‘shimcha 50 ming so‘m bonus to‘lanadi.

3. YuBORILGAN VA E'LON QILINGAN BARChA FOTOSURATLAR UChUN PUL TO‘LANMAYDI! Jo‘natilgan fotomaterial biror qiziqarli, shov-shuv keltirib chiqaradigan voqea yoki hodisani ifoda etgan, o‘ta eksklyuziv hamda mobil muxbirning o‘zi tushirgani aniq bo‘lsa, agar u ko‘plab ko‘rishlar va ulashishlar hosil qilsagina ularga 50 ming so‘m pul va bonuslar to‘lanadi.

YoDDA TUTING: Siz o‘z ixtiyoringiz bilan bot orqali bizga eksklyuziv tarzda taqdim etgan videomaterialingiz e'lon qilingach, uning uchun pul to‘lanadi va Kun.uz logotipi qo‘yiladi. Videoning «toza» versiyasini boshqa joyga jo‘natmasligingiz kerak. Video boshqa telegram kanallarga ham jo‘natilgan taqdirda ularga pul to‘lanmaydi.

KUN.UZ bilan hamkorligingiz uchun oldindan tashakkur bildiramiz. Ijodiy izlanishlaringizda omad va muvaffaqiyat yor bo‘lishini tilaymiz.

Top