23:19 / 24.05.2021
25468
Maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari ishdan olindi

Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari Qahramon Olimov ishdan olindi, qolgan o‘rinbosarlar va hududiy rahbarlar «vazifasini bajaruvchi» maqomiga o‘tkazildi.

Qahramon Olimov / Foto: Hasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 may kuni maktabgacha ta'lim qamrovini kengaytirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, yig‘ilishda vazirning birinchi o‘rinbosari Qahramon Olimov «o‘z faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun» lavozimidan ozod etilgan.

«Vazirning boshqa o‘rinbosarlari hamda vazirlikning barcha hududiy boshqarmalari boshliqlari o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi. Ularning o‘z lavozimiga loyiqligi keyingi faoliyati natijadorligi tahlili asosida ko‘rib chiqilishi belgilandi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma'lumot uchun, professor Qahramon Olimov 2020 yil mart oyida prezident qarori bilan maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

U bungacha vazirlikda boshqarma boshlig‘i, Buxoro muhandislik texnologiya institutining birinchi prorektori lavozimlarida ishlagan.

MTV rahbariyati rossiyalik hamkorlar bilan / Foto: Vazirlik matbuot xizmati

Maktabgacha ta'lim vaziri sifatida vazirlik tashkil etilgan 2017 yildan buyon Agrippina Shin faoliyat yuritmoqda.

Top