11:24 / 24.05.2021
4053
O‘zbekistonda soliq tushumlari hajmi qariyb 30 foizga oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, respublika soliq tushumlari joriy yil 1 yanvaridan 30 apreligacha bo‘lgan davrda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29,5 foizga o‘sdi.

Tushumlardagi sezilarli o‘sish Navoiy (37,6 foiz), Qashqadaryo (34,2 foiz), Xorazm (32,2 foiz), Jizzax (31,8 foiz) viloyatlari hamda Toshkent (35,4 foiz) shahrida kuzatilgan.

Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlaridan tushumlar 44,6 foizga yuqoriladi. Daromad hajmining eng katta o‘sishi Jizzax (3 barobar), Sirdaryo (2,3 barobar), Farg‘ona (2,1 barobar), Namangan (95,8 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘istonda (78,8 foiz) qayd etildi.

«Ushbu davrda import tarkibida mashinasozlik va transport uskunalari, undan keyin ishlab chiqarilgan mahsulotlar, kimyoviy moddalar, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar ustunlik qildi», deyiladi manba ma'lumotida.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon o‘tgan yilning shu davriga nisbatan tovarlarni eksport qilish hajmi 36,3 foizga oshdi. Mahsulotlar eksporti hajmining yuqori o‘sishi Jizzax (2 barobar), Sirdaryo (93,5 foiz), Andijon (78,4 foiz), Buxoro (69,4 foiz) va Toshkent (53 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri keldi.

«Hozirgi vaqtda importning aksariyat qismi ishlab chiqarish obektlarini yaratish va modernizatsiya qilish uchun foydalaniladigan mashina va uskunalardan iborat bo‘lib, ular uzoq muddatda iqtisodiy o‘sishga, shu jumladan, tayyor mahsulotlar eksportining o‘sishiga yordam beradi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, sanoat mollari, oziq-ovqat mahsulotlari va kimyoviy moddalar eksporti jadal o‘sib bormoqda.

Tahlil qilingan davr uchun tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi 25,3 foizga o‘sdi. Berilgan kreditlar hajmining eng katta o‘sishi Surxondaryo (71,7 foiz), Navoiy (70,3 foiz), Xorazm (45,6 foiz), Buxoro (44,4 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (34,1 foiz) kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda kreditlarga bo‘lgan talab asta-sekin tiklanmoqda. O‘z navbatida, ichki talabning ortishi va biznes tuzilmasining yaxshilanishi talabni qondirish uchun kredit resurslari infuzionini talab qiladi. Banklar tomonidan ajratilgan kreditlar hajmining o‘sishi mamlakatda ishbilarmonlik faoliyati bosqichma-bosqich takomillashib borayotganidan dalolat beradi», deya xabar berdi manba.

Ushbu davrda 35 ming 982ta yangi tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etilib, ularning eng ko‘p soni Qashqadaryo (4 ming 238), Samarqand (3 ming 151), Toshkent (3 ming 62), Farg‘ona (2 ming 832) viloyatlari va Toshkent (6 ming 296) shahrida ro‘yxatga olingan.

Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 55,2 foizga ko‘paygan. Birja faolligi sezilarli o‘sishi Buxoro (87,3 foiz), Toshkent (80,5 foiz), Namangan (62,9 foiz), Farg‘ona (58,7 foiz) viloyatlarida va Toshkent shahrida (2,2 barobar) kuzatilmoqda.

Manbaga ko‘ra, ushbu hududlarda bitimlar hajmi o‘sishi paxta tolasi, mineral o‘g‘itlar, dizel, sement, benzin, texnik paxta chigiti, katodli mis, qora metallar, qand, polietilen va o‘simlik yog‘i kabi tovarlar sotuvini ko‘paytirish orqali ta'minlanmoqda.

Top