19:16 / 24.05.2021
8883
“O‘zbekneftgaz”: Sho‘rtan gaz kimyo majmuasidagi joriy ta'mirlash ishlari belgilangan muddatdan avval yakunlandi

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida olib borilgan joriy ta'mirlash ishlari o‘z nihoyasiga yetib, texnologik qurilma va uskunalarni bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi va korxona odatiy ish rejimida ishlay boshladi.

Ta'mirlash ishlari doirasida korxonaning texnologik jarayonlaridagi 900 ga yaqin qurilma va uskunalar ochilib, texnik tekshiruvlardan o‘tkazildi va ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.

Shu o‘rinda, majmuaning Etilen ishlab chiqarish sexida joylashgan pirogaz va etilen xladagenti kompressorlari, shuningdek, bug‘ turbinalari Yaponiyaning "Mitsubishi" kompaniyasi vakillari hamda “Maxsusenergogaz” AJning malakali ishchi-xodimlari ishtirokida to‘liq ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.

Ushbu kompressor va bug‘ turbinalari Yaponiyaning "Mitsubishi" kompaniyasida ishlab chiqarilgan bo‘lib, to‘liq ta'mirlash ishlari har 6 yilda bir marta amalga oshiriladi.

Shuningdek, “Morgan Ceramics Middle East FZE” kompaniyasi vakillari ishtirokida piroliz pechining radiant qismidagi shisha tolali issiqlikka chidamli ZIT blok futerovka materiallari uzoq yillar davomida ishlatilib o‘z xususiyatini yo‘qotganligi sababli ularni modernizatsiya qilingan yangi turdagi sifatli piroblok futerovka materiallariga to‘liq almashtirildi.

Texnologik jarayonlarning asosiy qurilmalaridan biri bo‘lgan gaz turbinasining PLC komponentlari hamda boshqaruv tizimining modernizatsiya qilish ishlari “Siemens AG” kompaniyasi vakillari ishtirokida amalga oshirildi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, joriy ta'mirlash ishlari belgilangan muddatdan 7 kun avval yakunlandi. Bu esa, o‘z navbatida, qo‘shimcha miqdorda tabiiy gazni qayta ishlab, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda belgilangan reja va topshiriqlarni ortig‘i bilan bajarilishi imkonini beradi.

Shu qatorda, rejali joriy ta'mirlash ishlari ishlab chiqarish jarayonlarida kelgusida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan kutilmagan uzilishlarning oldini olish hamda texnologik qurilma va uskunalarning uzoq muddat sifatli va samarali ishlashini ta'minlash uchun xizmat qiladi.

Ma'lumot o‘rnida, korxonada yiliga 3,9 mlrd kub metrgacha tabiiy gazni qayta ishlab, 3,5 mlrd kub metr tovar gazi, 125 ming tonnadan ortiq polietilen granulasi, 100 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz, 100 ming tonnadan ortiq gaz kondensati, 1,5 ming tonna oltingugurt granulasi, 200 ming kvadrat metr alyumin kompozitli panellar, 4,5 ming tonnadan ortiq tayyor polietilen mahsulotlari, shu jamladan, 3300 tonnadan ortiq polietilen quvurlar, 1000 tonnadan ortiq polietilen shlanglar, ulovchi qism (fiting)lar, tomchilab sug‘orish tizimlari va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Matbuot xizmati

Top