09:11 / 24.05.2021
2177
Qoraqalpog‘istonda 5 ming dollar porani olmagan podpolkovnik taqdirlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvida bo‘lgan fuqaro S.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (giyohvandlik vositasini saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Ish fuqaro S.X. Tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik A.Utemuratovga o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini sudga yubormaslik evaziga 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.

Podpolkovnik A.Utemuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV rahbariyatiga bildirgi orqali fuqaro unga pora taklif qilib kelayotganligini ma'lum qilgan. 

Ushbu bildirgiga asosan, o‘tkazilgan tezkor tadbirda S.X. taklif qilgan 5 ming AQSh dollar pullarni podpolkovnik A.Utemuratovga bergan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.

S.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.

22 may kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik Aytbay Temirxanov porani olmagan podpolkovnikka pul mukofotini topshirdi.

Top