10:36 / 24.05.2021
1621
Quva tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida avtomobil portlashi natijasida ikki kishi jarohatlandi

Joriy yilning 22 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida “VAZ 2101” rusumli avtomobil portlab ketgani aks etgan videotasvir tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB YXHB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, voqea 2021 yil 22 may kuni soat 19:20 larda Quva tumani "Qaqir" MFYda yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan T. A. boshqaruvida bo‘lgan, “VAZ 2101” rusumli avtomobilda sodir bo‘lgan. 

Shu kuni fuqaro T.A. boshqaruvidagi avtomobilni tumanning "Paxtakor" MFYda joylashgan “Shaffof” nomli AGTKShga siqilgan gaz quyish uchun olib boradi. Ehtiyotsizlik oqibatida avtomobilga o‘rnatilgan gaz baloni portlab ketgan. Natijada, portlagan temir balon bo‘laklari AGTKSh oldidan o‘tib ketayotgan fuqarolar – Quva tumani "Dexqonobod" MFYda yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan T.F. hamda Quva tumani "Taxtako‘prik" MFYda yashovchi, 1963 yilda tug‘ilgan A.X. larga borib tegadi. Oqibatda mazkur fuqarolar tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan. 

Ta'kidlanishicha, hodisa natijasida avtomashina haydovchisi va yuqoridagilardan boshqa fuqarolar jarohat olmagan.

Avvalroq, joriy yilning 4 oyi davomida eng ko‘p YTHlari Farg‘ona viloyatida sodir bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi.

Top