13:17 / 24.05.2021
4852
Samarqandda to‘xtab qolgan tramvayni odamlar itarib chetga o‘tkazdi

Samarqand shahrida to‘xtab qolgan tramvayni boshqa transport vositalarining harakatlanishiga xalaqit bermasligi uchun odamlar itarib chetga o‘tkazgan. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand shahri 1-sonli «Sartepa maskani-temir yo‘l bekati» yo‘nalishida harakatlanayotgan 1012-sonli tramvay vagoni elektr tarmog‘idagi qisqa uzilish natijasida Mirzo Ulug‘bek va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasining kesishgan chorrahasida harakatdan to‘xtab qolgan.

Shundan so‘ng, yuzaga kelgan vaziyatning oldini olish hamda harakat xavfsizligini ta'minlash va boshqa yo‘nalishdagi avtotransport vositalariga xalaqit qilmasligi uchun tramvay ichida bo‘lgan yo‘lovchilar vagonni chorrahadan olishga yordamlashgan. 2 soat vaqt oralig‘ida elektr tokidagi uzilish holati tuzatilgan va 1012- sonli vagon ish faoliyatini davom ettirgan.

Qayd etilishicha, tramvay to‘xtab qolganda va uni chorrahadan olish jarayonida hamda u to‘xtab turgan vaqt oralig‘ida hech qanday noxush holatlar kuzatilmagan.

P.S. Samarqand shahrida tramvaylarning elektr ta'minotidagi uzilishlar tufayli to‘xtab qolishi – bu tez-tez sodir bo‘lib turadigan holat hisoblanadi. Shahar aholisini tramvay vagonlarning yo‘llarda to‘xtab qolaverishi ajablantirmay qo‘ygan. 

Top