09:53 / 24.05.2021
15967
Teleminoraning bayrog‘i yongan video bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

«Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» DUK 23 may kuni taxminan soat 20:30larda Toshkent teleminorasini chaqmoq urgani va teleminora bayrog‘i yonishi aks etgan video bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti vaqtida teleminoraga to‘g‘ridan to‘g‘ri chaqmoq urish hodisasi sodir bo‘lmagan, video olingan rakursdan chaqmoq urgani qayd etilgan bo‘lsa-da, aslida chaqmoq sodir bo‘lishi teleminoradan ma'lum bir masofada bo‘lib o‘tgan.

“Toshkent teleminorasining bayrog‘i yongan video ham yolg‘on xabar bo‘lib, teleminora bayrog‘i past qismidagi ogohlantiruvchi qizil chiroqlar shu'lasi bayroqqa tushib ushbu holatni aks ettirgan”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, Toshkent teleminorasi kuchli chaqmoq urishiga qarshi himoya tizimi va yerga ulanish konturlari bilan ta'minlangan bo‘lib, chaqmoq urish xavfidan to‘liq himoyalangan. 

Bugungi kunda Toshkent teleminorasida barcha texnik qurilmalar barqaror ishlayotgani va aholiga teleradiodasturlar uzluksiz tarqatib kelinayotgani aytilgan.

Top