10:00 / 24.05.2021
967
Urgutda dehqon bozoriga tutash 5 ta savdo do‘koni yonib ketdi

Samarqand viloyati Urgut tumani markazida joylashgan dehqon bozoriga tutash 5 ta savdo do‘koni yonib ketgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, kecha 23 may kuni soat 23:06larda Urgut shahri «Qo‘yi Kalangan» MFY, Temirchilar ko‘chasida joylashgan «Urgut dehqon-bozori» MChJ hududiga tutash bo‘lgan 2 qavatli savdo do‘konining 2-qavatidagi 5 ta savdo do‘koni yonib ketgan.

Qayd etilishicha, yong‘inga tuman FVB xodimlari 23:14da yetib borib, soat 23:35da o‘rab olinib, soat 00:33da o‘chirilgan. Yong‘inda savdo do‘konlarining taxminan 150 m² maydonida shift va tom qismi yongan. Ularga tutash savdo do‘konlarining 400 m² maydoni saqlab qolingan.

Aniqlanishicha, yonib ketgan do‘konlarning ikkitasidan novvoyxona sifatida foydalanilgan. 3ta savdo do‘konidan hech kim foydalanmagan. Ta'kidlanishicha, yong‘inning taxminiy sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda.

P.S. O‘zbekistondagi aksariyat dehqon va buyum bozorlarida so‘nggi qarich yergacha tadbirkorlarga berib yuborilgani uchun, yong‘inga qarshi kurash bo‘limining mashinalari kirishda muammolarga duch keladi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, kecha tunda Urgut bozoriga tutash savdo do‘konlarida ro‘y bergan yong‘inni o‘chirish paytida ham shu holat kuzatilgan.

Top