11:50 / 25.05.2021
1439

Buvayda tumanida innovatsion ko‘chma avtosinfxona ishga tushirildi

Buvayda tumanidagi “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv-sport klubi mutaxassislari tashabbusi bilan Respublikada birinchi bo‘lib, innovatsion ko‘chma avtosinfxona tashkil etildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Innovatsion ko‘chma avtosinfxonani tashkil etishdan maqsad, so‘nggi vaqtlarda o‘quvchilar ishtirokida sodir bo‘layotgan turli yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, o‘quvchilarga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini mukammal o‘rgatishdan iborat.  

Tuman “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv-sport klubi mutaxassislari tashabbusi bilan tashkil etilgan ko‘chma avtosinfxona respublikada birinchilardan bo‘lib Buvaydada tashkil etilgani aytilmoqda. 

Avtosinfxona avtobusda tashkil etilgan, u bir vaqtning o‘zida 25 nafar o‘quvchiga yo‘l xarakati qoidalariga oid bilimlarini mustahkamlash imkonini beradi. Ko‘chma sinfxona barcha yo‘l harakati belgilari, interaktiv doska, kompyuter kabi zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlangan. 

Ta'kidlanishicha, hozirda avtosinfxona reja asosida tumandagi barcha maktablarga borib, mutaxassislar tomonidan o‘quvchilarga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari o‘rgatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyatida may oyining ikkinchi haftasida 20 kishi YTH qurboni bo‘lgani, 18 kishi tan jarohati olgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid
Top