21:24 / 25.05.2021
12145
O‘zbekiston hukumati NNTlar faoliyatini nazorat qilishga urinmoqda - hisobot

NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish juda qiyinligi sababli O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati bo‘g‘iqligicha qolyapti, deyiladi AQSh Davlat departamenti hisobotida.

AQSh Davlat departamenti O‘zbekistondagi inson huquqlariga doir vaziyat yuzasidan 2020 yil hisobotini e'lon qildi.

Hisobotda qayd etilishicha, hukumat 2020 yil davomida akademik erkinlik va madaniy tadbirlarni cheklashni davom ettirgan.

«Hukumat vakillari vaqti-vaqti bilan universitet ma'ruzalarini kafedra mudiri tomonidan tasdiqlashni talab qildi, universitet professor-o‘qituvchilari odatda o‘z-o‘zlarini senzura qildi», – deyiladi dokladda.

Hisobotning alohida bobida nodavlat-notijorat tashkilot duch kelayotgan qiyinchiliklar haqida so‘z boradi.

«Qonun uyushish erkinligini kafolatlasa-da, hukumat ushbu huquqni cheklashni davom ettirdi. Davlat organlari NNTlar faoliyati, xalqaro miqyosda moliyalashtirilgan NNTlar hamda tartibga solinmagan islomiy va ozchiliklarning diniy guruhlarini nazorat qilishga intildi.

Mustaqil fuqarolik jamiyati, xususan inson huquqlari himoyachilari uchun faoliyat muhiti cheklangan bo‘lib qoldi, lekin bir qancha faollar hukumat amaldorlari bilan hamkorlik yaxshilangani haqida xabar qilishdi.

Bir qancha mustaqil NNTlar avvalroq qabul qilingan sud qarorlari yoki mansabdor shaxslarning boshqa e'tirozlari sababli mahalliy ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘siqlarga duch keldi», – deyiladi departament xulosasida.

Amerikalik kuzatuvchilar O‘zbekistondagi nodavlat-notijorat tashkilotlar har yili hukumatga hisobot topshirishi shartligi, Adliya vazirligi ularning faoliyatini tekshirish va audit o‘tkazish huquqiga ega ekaniga e'tibor qaratgan.

«NNTlar ro‘yxatdan o‘tkazilishini nazorat qiluvchi Adliya vazirligi NNTlardan ularga a'zo bo‘lmaganlar, shu jumladan chet elliklar ishtirokidagi katta yig‘inlarni va materiallar tarqatilishi rejalangan har qanday tadbirni o‘tkazish uchun vazirlik roziligini olishni talab qiladi.

Undan tashqari, NNTlar yuqorida keltirilgan har bir tadbirning mazmuni va ko‘lami to‘g‘risida vazirlikni yozma ravishda xabardor qilishi lozim», – deya qayd etilgan AQSh Davlat departamentining yillik dokladida.

Ta'kidlanishicha, yangi NNTlarni tashkil etishdagi murakkabliklar fuqarolik jamiyati rivojiga to‘siq bo‘lyapti.

«Nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish juda ham murakkabligi tufayli ko‘plab taniqli va obro‘li tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Natijada, fuqarolik jamiyati bo‘g‘iqligicha qolmoqda va me'yoriy talablarning ko‘pligi mamlakatda NNTlarning roli oshishiga xalaqit bermoqda».

Qayd etilishicha, inson huquqlari bo‘yicha vaziyatni kuzatuvchi xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekistonda rasman foliyat yuritishda to‘siqlarga duch kelmoqda.

«Xalqaro nodavlat tashkilotlar, shu jumladan inson huquqlariga e'tibor qaratadigan tashkilotlar qonuniy ro‘yxatdan o‘tishda to‘siqlarga duch kelishdi. Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan xalqaro tashkilotlarga mahalliy bank hisob raqamlarini ochish yoki ulardan foydalanishga ruxsat berilmadi, xalqaro nodavlat tashkilotlarning ishchilariga mamlakatda qonuniy yashashi va ishlashi uchun kerak bo‘lgan vizalarning amal qilish muddatlari qisqartirildi».

Hisobotda, O‘zbekistonda fuqarolik olish va Toshkent propiskasi masalalarida yengilliklar bo‘layotgani, chetga chiqish uchun «OVIR» bekor qilingani e'tirof etilgan.

Top