17:33 / 25.05.2021
11353
“O‘zbekneftgaz”: Andijon neft bazasidagi talon-taroj ortidan 10 nafar mansabdor ishdan olindi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga ko‘ra, moliyaviy va komplayens nazorati yo‘nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularni kelgusida yo‘l qo‘yilishini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Navbatdagi o‘rganish, “Andijon neft bazasi” mas'uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilib, natijada neft mahsulotlarining saqlanishi, iste'molchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi 149-sonli qaroriga asosan, neft mahsulotlari to‘lov oldindan 100 foiz o‘tkazilganda yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsada, amalda belgilangan me'yoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida “Andijon neft bazasi” MChJda 24 mlrd 32 mln 345 ming so‘m debitor qarzdorlik yuzaga kelgan bo‘lib, ushbu debitor qarzdorliklari 01.04.2021 yil holatiga muddati o‘tgan hisoblanadi.

Bundan tashqari, o‘z vaqtida undiruv choralari ko‘rilmagani natijasida, “Jizzax neft bazasi” MChJ bo‘yicha 2006–2017 yillarga oid 8 mlrd 675 mln 368 ming so‘m debitorlik qarzdorligi “umidsiz qarz”ga aylanib ulgurgan.

O‘rganish davomida, “Andijon neft bazasi” MChJ va uning filiallari tasarrufidagi 12 ta FYoTShlar tomonidan viloyatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtiruvchi iste'molchilarga jami 33 003,7 ming so‘mlik 5144 litr neft mahsulotlaridan kamomadi aniqlanib, qisman o‘rganish jarayonida qoplandi. Shuningdek, 5 ta FYoTShlarda jami 6343,5 ming so‘mlik 862 litr neft mahsulotlari ortiqchaligi aniqlandi.

Mablag‘ iqtisodi, xarajatlar rejasiga amal qilish borasidagi vaziyat ham achinarli holatda. “Andijon neft bazasi” MChJ xamda uning filiallari tomonidan 408 ta xolatda jami 129 mln 749 ming so‘mlik ish xaqi, moddiy yordam pullari va mukofot pullari ortiqcha hisoblanib to‘langan. kompensatsiya to‘lovlari noo‘rin hisoblangan. Mehnat shartnomasi bekor qilingan 6 nafar sobiq xodimlar nomiga 29 mln 997 ming so‘m ish haqi yozilgan.

2019–2021 yillarda Jamiyat hamda Buxoro NQIZ va Farg‘ona NQIZ bilan tuzilgan “Mas'ul saqlash shartnomasi”ning 4.1.-bandi “Mas'ul saqlovchi” yoki xaridor “Mas'ul saqlovchi” sig‘imlarida saqlanilayotgan “Buyurtmachi”ga tegishli mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tovar xomashyo birjasi orqali “Buyurmachi” tomonidan savdoga qo‘yilgan miqdorlar bo‘yicha sotib oladi deb ko‘rsatib o‘tilgan, bo‘lsada Jamiyat tomonidan o‘rtadagi shartnoma majburiyatlariga rioya qilmasdan yuqoridagi korxonalarga tegishli bo‘lgan jami 55 667 209,7 ming so‘mlik (O‘zRTHBning 10–12.05.2021 yildagi o‘rtacha kotirovka narxlarida 61 907 679,7 ming so‘mlik) 7700,2 tonna neft mahsulotlarini belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotib olmasdan iste'molchilarga noqonuniy tarzda yuklab jo‘natilgan.

Natijada, ishlab chiqarish korxonalariga ushbu mablag‘ to‘lab berilmagan, bugungi kunda ushbu berib yuborilgan mahsulot hisobiga yuqorida qayd etilganidek muddati o‘tgan debitorlik qarzdorligi mavjud bo‘lsa, qolgan mablag‘lar esa Jamiyatning ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgan.

Ta'kidlash joizki, 2019–2021 yillar davomida Jamiyat va uning filiallari tomonidan birja savdolari orqali sotib olmasdan, noqonuniy tarzda iste'molchilarga yuklab jo‘natgan neft mahsulotlari xozirgi kundagi xarid narxlari bilan solishtirib hisoblanganda, Jamiyat va uning filiallari ko‘radigan zarar miqdori jami 6 240 470,1 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Ishdagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ortidan, “Andijon neft bazasi” mas'uliyati cheklangan jamiyati direketorning birinchi o‘rinbosari – bosh muhandis J. Qutliqov, Direketorning marketing va mahsulot sotish bo‘yicha o‘rinbosari A. Qurbonov, Iqtisodiy masalar bo‘yicha direketorning o‘rinbosari B. Yorqulov, Bosh buxgalter-bo‘lim boshlig‘i F. Yusupov, Neft mahsulotlarini sotish, tarqatish va saqlash bo‘limi boshlig‘i A. Ibragimov, Buxgalteriya bo‘limi neft mahsuloti uchyoti va boshqa mijozlar bilan ishlash buyicha yetakchi mutaxassisi A. Mamatqulov, “Poytug‘” filiali boshlig‘i D. Mahmudov, “Poytug‘” filiali ish xaqi buxgalteri G‘. Rahimov, “Poytug‘” filiali buxgalteriya bo‘limi boshlig‘i-bosh buxgalteri Q. To‘xtasinov egallab turgan lavozimidan ozod etildilar.

“Andijon neft bazasi” MChJda olib borilgan o‘rganishlar natijasida, “O‘zbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holatlari o‘rganish hujjatlari, qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish davlat idoralariga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida 2021 yilning 11 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun “Jizzax neft bazasi” direktori M. Akbo‘tayev va “Andijon neft bazasi” direktori I. Boltaboyev egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Top