20:05 / 25.05.2021
22357

Prezident qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligida yangi boshqaruv tizimi joriy etilmoqda

Qarorda sog‘liqni saqlash tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, birlamchi bo‘g‘inni kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha bir qator muhim vazifalar belgilangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi.

Hujjat qabul qilinishidan maqsad sog‘liqni saqlash tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, birlamchi bo‘g‘inni kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, coha rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqobat va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot xodimlarining bilimini oshirish, ta'lim va ilm-fanni rivojlantirish hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatining asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilani, quyidagi yangi boshqaruv tizimi joriy etilgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev:

  • vazirlik tizimi va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ular ishini samarali tashkil etishini ta'minlaydi, yuklatilgan vazifalar va funksiyalar to‘liq bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, mazkur tashkilotlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
  • shoshilinch tibbiy yordam, respublika tibbiyot (respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlaridan tashqari) hamda tibbiy ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etadi, rahbarlari faoliyatini baholaydi, lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, ular uchun jihoz, dori va tibbiyot vositalari sotib olish bo‘yicha tenderlar o‘tkazish vakolatlarini, tizimda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov:

  • oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va shifoxonasida (keyingi o‘rinlarda – birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari) tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga va sifatiga, ularni jihozlashga hamda tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirishga shaxsan mas'ul hisoblanadi;
  • birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida shtatlar normativi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlariga malaka talablari, jihozlash standartlarini hamda davolash protokollarini tasdiqlaydi, shartnomalarni imzolaydi, ular rahbarlari faoliyatini baholaydi, nomzodlarni beradi, lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan takliflar kiritadi, ushbu muassasalar uchun jihoz, dori va tibbiyot vositalari sotib olish bo‘yicha tenderlar o‘tkazish vakolatlarini amalga oshiradi, ushbu muassasalar faoliyatiga oid qarorlar qabul qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Abdulla Azizov:

  • tibbiyot sohasida raqamlashtirish, moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish va rivojlantirishga shaxsan mas'ul hisoblanadi hamda mazkur masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
  • yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun tenderlar o‘tkazadi, shartnomalar imzolaydi, raqamlashtirish, moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha davlat tibbiyot muassasalari rahbarlariga nomzodlarni beradi, lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan takliflar kiritadi, xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlash masalalari bo‘yicha mustaqil qarorlar qabul qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov:

  • respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari (keyingi o‘rinlarda – respublika ixtisoslashtirilgan markazlari) va ko‘p tarmoqli viloyat shifoxonalarini isloh qilish, ularni birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari bilan bog‘lash hamda joylarda ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shaxsan mas'ul hisoblanadi;
  • respublika ixtisoslashtirilgan markazlari va ularning filiallari rahbarlariga nomzodlarni berish, rahbarlarni lavozimga tayinlash
  • va lavozimidan ozod etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan takliflar kiritish, ularni jihozlash bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish, tenderlar o‘tkazish va shartnomalar tuzish, ushbu markazlarga budjet mablag‘lari va bepul davolanishga orderlarni taqsimlash, shuningdek, davolash protokollarini tasdiqlash vakolatlarini amalga oshiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmir Bositxonova:

  • onalar va bolalarni xavf guruhlariga ajratib, ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga shaxsan mas'ul hisoblanadi;
  • onalik va bolalik masalalarida xalqaro tashkilotlar grantlarini jalb qilish, mablag‘larni taqsimlash, mahalliy ijro etuvchi organlar, mahalla, yoshlar, sport va ta'lim sohalaridagi davlat organlarining sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirib borish vakolatini amalga oshiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda mazkur bandda ko‘rsatilgan asosiy yo‘nalishlar hamda joriy etilayotgan yangi boshqaruv tizimidan kelib chiqib:

  • sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarlarining aniq vazifalari va funksiyalari taqsimotini;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda hududiy sog‘liqni saqlash organlarining aniq vazifalari va funksiyalari taqsimotini tasdiqlaydi;
  • vazirlik markaziy apparatida investitsiyadan keyingi davrni monitoring qilish uchun amaldagi shtatlar soni doirasida mas'ul bo‘lgan tarkibiy bo‘linma tashkil etadi.

Qaror bilan davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda barcha sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini baholash reytingi joriy etiladi. 

Reyting natijalari esa har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib boriladi.

Shuningdek, ushbu qarorda Sog‘liqni saqlash vazirligi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajriba asosida tibbiyot sohasida boshqaruv bo‘yicha ikki haftalik o‘quv kurslari tashkil etish belgilandi.

O‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar esa Tibbiyot tashkilotlarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Qolaversa, mazkur hujjatga ko‘ra, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan birgalikda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, birlamchi bo‘g‘inda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati tasdiqlanib, barcha hududlarda amaliyotga kiritiladi.

Top