17:48 / 25.05.2021
10570
Rossiya vaksinasini sotib olishda qaysi mamlakatlar yetakchilik qilmoqda?

«Sputnik V» dunyoning 64 mamlakatida ma'qullandi va ularning aksariyatiga vaksinaning hech bo‘lmaganda bir partiyasi yetkazib berildi. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya 21 may holatiga xorijga 16,3 mln doza vaksina yetkazdi. 

Foto Aziz Karimov / Getty Images

Rossiya uchun o‘z aholisini koronavirusga qarshi vaksina bilan emlashdan ko‘ra vaksinani sotish osonroq bo‘lmoqda, deb yozadi Forbes nashri. Nashrning yozishicha, Rossiya boshqa mamlakatlar bilan 205 mln dozadan ortiq «Sputnik V» vaksinasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Rossiya vaksinasini qaysi mamlakatlar sotib olmoqda?

«Sputnik V» dunyoning 64 mamlakatida ma'qullandi va ularning aksariyatiga vaksinaning hech bo‘lmaganda bir partiyasi yetkazib berildi. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya 21 may holatiga xorij davlatlariga 16,3 mln doza vaksina yetkazdi. Nashrning qayd etishicha, «Sputnik V» 45 mamlakatga yetkazib berildi.

Buyurtma berish bo‘yicha kimlar yetakchi?

Turkiya shartnomaga ko‘ra yarim yil davomida 50 mln doza «Sputnik V» oladi. Bugunga kelib mamlakat aholisining qariyb 14 foizi hech bo‘lmaganda bir doza vaksina bilan emlandi.

Yana bir yirik buyurtmachi — Meksika. Mamlakat 24 mln doza vaksina olishni mo‘ljallamoqda. Hozirgacha Meksika aholisining 14 foizga yaqini kamida bir doza vaksina oldi.

Argentina Rossiyadan 20 mln doza «Sputnik V» olishni rejalashtirgan. Mamlakatda 19 foizdan ko‘proq aholi hech bo‘lmaganda bir doza vaksina bilan emlandi.

Vaksina yetkazilishi bo‘yicha yetakchilar

Argentinaga vaksinaning 300 ming dozadan iborat birinchi partiyasi o‘tgan yil dekabr oxirida yetkazilgandi. O‘shandan buyon 13 marta yetkazib berish amalga oshirildi. Rossiya Argentinani jami 6,5 mln dozadan ortiq «Sputnik V» bilan ta'minladi. 

Meksika 2,4 mln doza vaksina oldi. 

Vengriya shartnoma to‘liq bajarilgan birinchi mamlakatga aylandi: aholisi 10 mln kishini tashkil etuvchi mamlakat 2 mln doza «Sputnik V»ga buyurtma bergandi. Vengriya aholisining qariyb 52 foizi emlab bo‘lindi.

Shartnoma imzolagan aksariyat davlatlar rejadagi hajmning juda oz qismini oldi. Masalan, Venesuela 2020 yil dekabrda Rossiya bilan 20 mln doza «Sputnik V» vaksinasiga shartnoma tuzgandi. Hozirgacha atigi 430 ming doza vaksina yetkazildi. Honduras shartnomadagi 4,2 mln dozadan 40 ming, Shri-Lanka 13 mln dozadan 15 ming va O‘zbekiston bir mln dozadan 100 ming dozasini qabul qilib oldi.

Rossiyadagi emlash sur'ati

Rossiyaning o‘zida vaksinatsiya sekin kechmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova oxirgi marta 12 may kuni rasmiy raqamlarni e'lon qilgandi: uning so‘zlariga ko‘ra, 14 mln nafardan ortiq rossiyaliklar vaksinaning kamida bir dozasi bilan emlangan.

Gogov.ru loyihasining ma'lumot berishicha, 23 may holatiga ko‘ra Rossiyada 15,3 mln kishi yoki aholining 10,5 foizi koronavirusga qarshi vaksinaning hech bo‘lmaganda bir dozasini qabul qilgan. 

Top