22:33 / 25.05.2021
1480
Samarqandda «Kobalt» «Kamaz» bilan to‘qnashdi. 2 kishi vafot etdi, 2 kishi shifoxonaga yotqizildi

Samarqand viloyati Samarqand tumanida «Kobalt» va «Kamaz» ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi vafot etgan. Yana ikki kishi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 20 may kuni 03:30larda M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Samarqand tumani Qo‘shtamg‘ali mahallasidan o‘tuvchi qismida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi 31 yoshli haydovchi «Kobalt» mashinasida Toshkent-Termiz yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotib, uxlab qolgan. So‘ng, boshqaruvni yo‘qotib, o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan Jizzax viloyati Zomin tumanida yashovchi shaxs boshqaruvida bo‘lgan «Kamaz» yuk mashinasiga borib urilgan. To‘qnashuv oqibatida «Kobalt» yonib ketgan.

Oqibatda, «Kobalt»da yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki kishi og‘ir tan jarohatlari olib, hodisa yuz bergan joyda vafot etgan. «Kobalt» haydovchisi va bir yo‘lovchi kuyish va yana boshqa og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, Samarqand tuman IIB YHXB tomonidan hodisa yuzasidan surishtiruv o‘tkazilmoqda.

Top