08:19 / 25.05.2021
6271

Toshkentda yomg‘ir vaqtida ko‘chalarda suv to‘planib qolishi chiqindilar tufayli yuz bergani aytildi

23 may kuni poytaxtda bir necha soat davomida yog‘gan yomg‘ir juda ko‘p muammo va noqulayliklarni keltirib chiqardi. Toshkent shahar hokimligi ushbu holat yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, poytaxtga xizmat ko‘rsatuvchi kommunal xizmat xodimlari va texnika ta'minotida avvalgi yillarga qaraganda ancha o‘sish bor. Avariyaviy vaziyatlarda foydalanish uchun maxsus mashinalar xarid qilingan, ishchilar soni ortgan. 

Obodonlashtirish boshqarmasi xodimi Xayrulla Tursunov shunday dedi:

“Biz soat 19:00dan ish boshladik va salkam 3 soat mobaynida Mirobod tumanining markaziy va ichki ko‘chalarini yomg‘ir suvlaridan tozaladik. Aslida, har kuni bu ko‘chalarni va ariqlarni tozalaymiz, supuramiz. Biroq ertasi kuni xuddi ish qilinmagandek, yana shu ahvol. 

Savol berishingiz mumkin, nega har kuni ariqlar tozalansa ham suv oqib ketmayapti deb. Kecha tozalagan ariqlarimizning barchasini polietilen paketlar, bir marotabalik qog‘oz stakanlar va baklajkalar to‘sib qo‘ygan va suv oqib ketishiga imkon bo‘lmagan. Ayniqsa, polietilen paketlar barcha muammolarning sababchisi. Ariqlarning zovurlarga quyiladigan qismida temir panjaralar o‘rnatilgan, o‘sha yerni tozalab tashlasak muammo hal. Biroq, unga qadar vaqt kerak bo‘ladi va yo‘llarga suv toshadi”. 

Bildirilishicha, poytaxtda yog‘gan yomg‘ir natijasida ko‘plab markaziy va ichki ko‘chalar suv to‘planishidan aziyat chekdi. 

Toshkent shahar hokimining uy-joy kommunal masalalari bo‘yicha o‘rinbosari v.b. Shohrux Rahimjonov:

“Shu kuni bizning xodimlarimiz soat 19:00dan 01:30ga qadar tinmay ishlashdi. Aslida, ularning ish vaqti 18:00gacha bo‘lsa ham, bunday vaziyatlarda ularning yordami bizga juda zarur. 300 nafar obodonlashtirish xodimlari yog‘ayotgan yomg‘ir ostida xizmat qilishdi. Shuningdek, 20tadan ortiq texnikamiz to‘planib qolgan suvlarni tortib olishdi, chiqindilarni olib chiqib ketishdi va boshqa vazifalarni bajarishdi. Qolaversa, FVV xodimlari ham bu jarayonga jalb etildi. 

Asosiy suv toshgan ko‘chalar: Amir Temur ko‘chasi; G.Uzoqov ko‘chasi; Ashxobod bog‘i yaqinidagi tunnel; "Mirobod" dehqon bozorining old tomoni. Bu ko‘chalar doim avtomobillar va odamlar bilan gavjum, qolaversa, ularda chiqindi tashlash uchun qutilar yetarli. Biroq, kimlarningdir erinchoqligi yoki shunchaki odati bois mana shunday ko‘ngilsiz holatlar yuzaga kelmoqda. 

Mashinadan chiqindi otayotganingizda yoki qo‘lingizdagi bo‘sh plastik idishni ariqqa tashlayotganingizda “bitta meniki nima ham bo‘lardi” deb o‘ylarsiz. Ammo siz kabi o‘ylaydiganlar ko‘payib ketayotganligi bois, 300 nafardan ortiq oila boshliqlari o‘sha tunni ariqlardagi siz tashlagan chiqindilarni tozalash bilan o‘tkazdi”, deyiladi ma'lumotda. 

Top